1-oktabrdan Samarqand xalqaro aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi. Transport vazirligi matbuot xizmati bundan mamlakatning turizm salohiyatini oshirish, yangi barpo etilgan Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish hamda aviatashuvlar bozorida raqobat muhitini rivojlantirish maqsad qilinganini ma’lum qildi.

“Ochiq osmon” rejimi Samarqand xalqaro aeroportining texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yo‘nalishlar bo‘yicha cheklovlarning bekor qilinishini anglatadi, deyiladi xabarda.

Endilikda xorijiy aviakompaniyalar havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjud yoki mavjud emasligidan qat’iy nazar Samarqand xalqaro aeroportiga aviaqatnovlarni amalga oshira oladi.

1-oktabr sanasidan Samarqand xalqaro aeroportida yangi tartibning joriy etilganligi to‘g‘risida chet el aviatsiya ma’muriyatlari o‘rnatilgan tartibda xabardor etildi.