Toshkent shahridagi Yangihayot tumanining (avval Sergeli tumaniga qarashli edi) «Sputnik» mavzesida joylashgan buzilishi aytilgan 2 qavatli 409 ta yog‘och uylarda jami 4290 ta xonadon bor. Uyning egalarini zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylarga ko‘chirish bo‘yicha dastur vazirlik va tegishli idoralarga tasdiqlash uchun kiritilgan. Bu haqda tuman hokimi Hayot Inog‘omov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, yog‘och uylar 1966 yilda zilziladan so‘ng, o‘sha yerda uy qurilishida qatnashgan ishchilar uchun vaqtincha 5 yil muddatda foydalanish uchun tez fursatlarda qurib berilgan. Qariyb 56 yildan beri bu uylarda odamlar yashaydi.

Mahalladagi o‘rganishlar davomida bu yerdagi 4026 nafar mulkdordan 3341 nafari kompensatsiya olishga roziligini aytgan. 685 fuqaro uy buzilishiga norozilik bildirgan. 160 nafar xonadonning mulkdorlari topilmagan. Kadastr hujjatlari bo‘yicha fuqaro bor, biroq, chetga ketgan yoki u yerda yashamayotgan bo‘lishi mumkin, dedi hokim.

Hozirgi kunda Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bu uylarni renovatsiya qilish bo‘yicha tuzilgan hukumat qarori loyihasi kelishish uchun vazirlik va idoralarga kiritilgan.

«Hozircha ko‘chadiganlarga shu tumanning o‘zidan joy berish reja qilingan. Ayrim tadbikorlar rozi bo‘lgan, boshida 4−5 ta uyni buzadi va uy egalarini vaqtincha boshqa uyga ko‘chirib turadi. Keyin yog‘och uy o‘rniga qurilgan yangi binoga ko‘chirib olib keladi. Bu yerdagi fuqarolarning ko‘pi shunga rozi. Norozilar ham borligini hisobga olsak, 50 yoshgacha bo‘lganlarning barchasi yangi uyga o‘tishni xohlayapti. Ular maksimal darajada shu tumanda qoldiriladi», — dedi Hayot Inog‘omov.

Shuningdek, hokim bu ishlar kechikayotganiga daraxtlarni kesishga belgilangan moratoriy ham sabab bo‘layotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlarni avaylash uchun binolar hozircha buzilishga berilmayapti.

«Uylarning fundamenti yonida daraxt turibdi. Uylarning yerto‘lasi bo‘lmagani hisobiga daraxtning ildizi uyning ichigacha kirib borgan. Hozir buni quruvchiga bersak, ular uy egasi bilan kelishadi, lekin biz daraxtdan ayrilib qolamiz. Bunday daraxtlar boshqa joyda qolmagan. Hozir daraxtlarni saqlab qolish yo‘llarini ham izlayapmiz», — dedi u.

Matbuot anjumani davomida tuman bilan bog‘liq boshqa savollarga ham Hayot Inog‘omov atroflicha javob berdi. Xususan, yerusti metrosining Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan ikki yo‘nalishni bog‘laydigan o‘tish yo‘li joriy yilning mart oyi yakunigacha ulanishini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, bu jarayon Navro‘z arafasida bo‘lib o‘tishini aytdi. Hozir Qo‘yliqdan kelayotgan liniya qurilishi deyarli Yangihayot tumaniga yetib qolgan.

Bundan tashqari, Yangihayot tumani hokimiyati binosi boshqa joyga ko‘chirilishi reja qilinyapti.

Hokim hozirda 16 gektar yer so‘rab hukumatga hujjat kiritgani, tumandagi Simma mehmonxonasi yonida bo‘sh davlat yeri mavjudligi, shu joydagi qishloq xo‘jaligi yerlariga hokimiyat binosi qurish rejasi borligini qayd etdi. Ta’kidlashicha, u yerda barcha davlat tashkilotlarining tuman bo‘limlari bir hududda joylashadi. Hammasi yonma-yon quriladi.

Buni hokim «biror kishining hokimiyatdan chiqib ichki ishlarda yoki boshqa davlat tashkilotida ishi bo‘lsa, uzoqqa bormay, piyoda yetib oladi», deya izohladi u.

Qolaversa, hozirda Tashkent Index savdo majmuasida vaqtinchalik yashayotgan talabalar faqatgina 2022/2023 o‘quv yilida bu joyda yashab turishi mumkin bo‘ladi. Savdo majmuasini yotoqxonaga aylantirish rejasi hozircha yo‘q. Aslida Oliy ta’lim vazirligi bajarishi kerak bo‘lgan vazifani talabalar «ko‘chada qolib ketmasligi uchun» shahar hokimiyati ham tashabbus asosida bajarayotganini ta’kidladi.

«Biz uni hukumat so‘roviga asosan do‘kon xo‘jayinlaridan vaqtincha so‘rab olganmiz. Talabalar uchun to‘lov so‘mmasi 200 ming so‘m, qolgan 300 ming so‘m mablag‘ davlat tomonidan to‘lab berilmoqda. TTJ qurish loyihalari tasdiqlangan, ba’zi joylarda qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Biz imkon qadar ularni joy bilan ta’minlashga harakat qilamiz. Hozir aniq ayta olmaymiz, balki olti oy ichida ularni boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazarmiz», — dedi Hayot Inog‘omov.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrining Sergeli va Bektemir hamda Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyo‘l, Quyichirchiq va O‘rtachirchiq tumanlaridan olingan jami 4 419,6 gektar hududda Yangihayot tumani tashkil etilgan. Tumanda 30 ta mahalla fuqarolari yig‘ini, 41 904 ta xonadon, 956 ta ko‘p qavatli uylar, 16 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari, 38 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shundan davlat (22 ta) va nodavlat (16 ta), 2 ta o‘rta-maxsus bilim yurtlari, 7 ta tibbiyot muassasalari bor.