Iyun oyida videosi internetda tarqalgan ayolga nisbatan hukm chiqarildi. O‘shanda u kasalxonada yotoqda o‘tirgan holatda yosh bolasini kaltaklagan edi. Hodisa Samarqand viloyatining Payariq tumanida sodir bo‘lib, ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudi ayolni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a», «v» bandlarida (ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan holda voyaga yetmagan shaxsni qiynash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va u 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Aniqlanishicha, bola 1-guruh nogironi bo‘lib, ayol o‘sha paytda stress holatida bo‘lgan. Sud majlisida u qilmishidan pushaymon ekanligini ma’lum qilgan va kechirim so‘ragan.

Ayolning qaynonasi ushbu videoni ko‘rib uxlay olmaganini aytib, kelinini onalik huquqidan mahrum qilishlarini so‘radi.

Bolani kaltaklash lahzasini videoga olgan guvohning aytishicha, sudlanuvchi kasalxonada yotganida bolasini muntazam ravishda kaltaklagan.

Eslatib o‘tamiz, bolalar ombudsmani Aliya Yunusova ushbu holatga izoh berar ekan, u taniqli sanoqlilardan biri ekanligini ta’kidlagan edi.

«Afsuski, jamiyatda befarqlik kayfiyatining borligi sabab, bolalarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlik holatlariga qo‘l siltab, „menga nima“ qabilida ish ko‘radiganlar ham yo‘q emas. Mazkur Samarqand viloyatidagi shifoxonada sodir bo‘lgan holatni olsak, palatada ona boladan tashqari kamida ikki nafar shaxs bor edi. Ularning shovqinini kasalxona xodimlari va shifokorlar eshitishmadimi? Nega darhol bolani ona qo‘lidan tortib olib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga murojaat qilinmadi?» — deb yozgandi bolalar ombudsmani.

U davlat bolalarni zo‘ravonlik va kuch bilan «tarbiyalaydigan» ota-onalardan farzandini olib qo‘yish mexanizmini ishlab chiqishga majbur bo‘lishidan ogohlantirdi.