Piskent tumanida daraxtlarga ommaviy qirg‘in keltirilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi rasmiy munosabat bildirib, o‘rganish ishlari olib borganini ma’lum qildi.

O‘rganishlar davomida Piskent tumani davlat o‘rmon xo‘jaligining Angren bo‘limi 69-kvartalida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining tegishli buyruqlariga asosan tol manzarali daraxtlari kesilgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

Xususan, 7 mart kuni 42 tup tolda qayta tiklash hamda 8 iyulda 51 tup tolda sog‘lomlashtirish ishlari olib borilgan.

Qayta tiklash hamda sog‘lomlashtirish ishlari olib borilgan daraxtlardan boshqalariga ziyon yetkazilmagan.

Foto: @kompromatuzb

Davlat O‘rmon xo‘jaligi mas’ullarining bildirishicha, mazkur amaliyot natijasida tol daraxtlarining o‘suvchanligi yanada oshadi.

Ushbu hududdagi tollarning ham hozirda rivojlanishi yaxshi bo‘lib, doimiy agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.