23 sentabr va dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida biroz shamol bilan quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu kunlarda harorat asosan kechalari +13…+18 daraja, kunduz kunlari +30…+35 daraja atrofida bo‘ladi. Bu sentabr oyining ushbu kunlari uchun o‘rtacha yillik harorat qiymatlaridan biroz issiq.

25 sentabr yakshanba kuni respublikaning faqat shimoliy hududlariga Volga bo‘yi hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘istonda va kechga tomon Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi va shamol 15−20 m/s gacha, ba’zida 21−23 m/s gacha kuchayadi.

Ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Qoraqalpog‘istonning shimolida harorat pasayishi boshlanadi.

Keyingi haftaning boshida nam va salqin havo massasi kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Janubning eng chekkasida va Farg‘ona vodiysida shamolning kuchayishi 21−23 m/s ga yetishi mumkin.

Dushanba kuni Buxoro, Navoiy viloyatlarida, seshanba kuni tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘adi. 2500 m dan yuqori bo‘lgan baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanadi. Dushanba kuni shimoliy viloyatlar bo‘yicha, seshanba kuni esa respublikaning barcha hududlari bo‘yicha salqinlashadi. Havo harorati kechalari +10…+13 darajagacha, kunduz kunlari +22…+25° gacha pasayadi.