O‘zbekistonda 2022 yil avgust oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 26,5 mingtani tashkil etdi. Bu joriy yilning iyul oyiga (20,3 ming) nisbatan 30 foizga (+6,2 ming) ko‘p. Yil boshidan buyon uy-joy savdosining o‘sishi 8,5 foiz (172,7 ming) bo‘ldi, deya keltiriladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida.

Avgust oyida ipoteka kreditlash hajmining iyul oyiga nisbatan 37 foizga keskin o‘sishi (1,1 trln so‘mdan 1,5 trln so‘mgacha) barcha hududlarda savdo hajmining ijobiy dinamikasiga ta’sir ko‘rsatdi.

Qoraqalpog‘istonda 2,3 barobar, Samarqand 75 foiz va Jizzax viloyatlarida 41 foiz yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi. 2021 yil avgust oyi bilan taqqoslaganda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bo‘yicha shartnomalar soni 22 foizga (4,7 mingta) oshdi.

Toshkent shahri va viloyat administrativ markazlarida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘zgarishi (1 kv metr uchun AQSh dollarida)

Shuningdek, ikkilamchi bozorda uy-joy o‘rtacha narxlari o‘sishi oyiga 0,5 foizni tashkil etdi (iyun oyida — 2,7 foiz, iyul oyida-2,5 foiz). Uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Xorazm — 6,1 foiz, Qashqadaryo — 1,9 foiz va Farg‘ona — 1,8 foiz viloyatlarida kuzatilmoqda.

Narxning pasayishi esa Surxondaryo — 5,3 foiz, Andijon — 2,1 foiz, Sirdaryo — 1,2 foiz va Navoiy — 1,1 foiz viloyatlarida qayd etildi.

Toshkent shahrida esa ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi biroz sekinlashdi va 1,4 foizni tashkil etdi (iyun oyida 2,4 foiz, iyul oyida 2,9 foiz). Uy-joy narxining eng katta o‘sishi Chilonzor, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida qayd etildi. Sergeli tumanida narxlarning pasayishi kuzatildi.

Shu bilan birga, yil boshidan buyon poytaxtda uy-joy o‘rtacha narxlari 13 foizga (respublika bo‘yicha 7 foiz) oshdi, bu uy-joyga bo‘lgan talabning, shu jumladan, chet el fuqarolarining kirib kelishi ortib borayotganidan dalolat beradi.