O‘zbekistonlik migrant Oybek Eshtemirov Moskvada ikki kishini yong‘indan qutqarib qoldi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Moskva shahrida svetofor montajchisi vazifasida ishlab kelayotgan Eshtemirov ko‘pqavatli uylarning birida yuz bergan yong‘indan ikki nafar ayolni qutqarib olgan.

«Bu narsadan qo‘qrmadim, o‘ylashga vaqt ham yo‘q edi. Odamlarga yordam berishga doim tayyorman, hammamiz insonmiz, biz o‘zbeklarda shunday. Ota-onamiz shunday tarbiya bergan», — deydi u «TV Sentr» telekanaliga bergan intervyusida.

Aniqlik kiritilishicha, yigit yong‘in yuz bergan xonadondagi ayolni qutqarish uchun qo‘shni xonadon balkonidagi panjaraga suyangan holda deraza oynasini sindirib, ayolni olib o‘tgan va o‘t o‘chiruvchilar kelishini kutgan.

24 yoshli Oybek ushbu qahramonligi uchun Moskva shahri hukumati va FVV tomonidan mukofotlandi.