Toshkent shahri Bektemir tumanida Lacetti va Cobalt to‘qnashuvi oqibatida haydovchilardan biri vafot etdi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB matbuot xizmati.

22 sentabr kuni taxminan soat 23:00 larda Bektemir tumani, X.Bayqaro ko‘chasidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchasi qarshisida, haydovchi 1998 yilda tug‘ilgan S.X. Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotib, haydovchi 1995 yilda tug‘ilgan S.N. boshqaruvidagi Cobalt avtomobili bilan to‘qnashuv sodir etgan. Xodisa sabablariga aniqlik kiritilmoqda.

Cobalt haydovchisi olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.


Holat yuzasidan, Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.