Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari piyodalar kiyimining rangi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda qanday ahamiyatga ega ekanligini tahlil qildi.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 3559 ta YTH sodir bo‘lib, ularda 2775 kishi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan, 784 nafari esa hayotdan ko‘z yumgan. Har to‘rtinchi baxtsiz hodisaga tezlikning belgilangan me’yordan oshirilishi sabab bo‘lgan, 47 foizida piyodalar urib yuborilgan.

YTHlar katta iqtisodiy xarajatlarga olib keladi. Masalan, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yo‘l-transport hodisalarida 1,3 million kishi hayotdan bevaqt ko‘z yumadi va 20 milllion nafardan 50 million nafargacha odam turli hil tan jarohatlarini oladi. “Yo‘l harakati xavfsizligiga sarmoya kiritish: global xususiy sektor majburiyati” nomli tadqiqotda baxtsiz hodisalar dunyo iqtisodiyotiga yiliga 518 milliard dollar zarar keltirishi hisoblab chiqilgan.

‍️ Jahon banki hisobotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalari tufayli hayotdan ko‘z yumish va jarohat olish bilan bog‘liq holatlar iqtisodiy rivojlanishning o‘rta va uzoq muddatli istiqbollariga ta’sir qiladi, chunki ular katta yoshdagi odamlarni mehnatga layoqatlilar safidan chiqaradi va jarohat oqibatida mehnat unumdorligini pasaytiradi.

135 ta mamlakatda o‘lim darajasi va iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlardan foydalangan holda, tadqiqot mualliflari baxtsiz hodisalar oqibatida o‘lim bilan bog‘liq holatlarning o‘rtacha 10% ga kamayishi real YAIMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulushini 24 yil davomida 3,6 foizga oshirishini aniqladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, PMTI tungi vaqtda piyodalar kiyimining rangi qay darajada ko‘rinishini namoyish etuvchi infografikani tayyorladi. Yorug‘likni qaytaruvchi elementlar 130 metrdan ko‘rinadi. Bu esa soatiga 80 km tezlikda harakatlanayotgan avtomobilning ham o‘z vaqtida to‘xtashiga imkon beradi. Yorqin ranglar (sariq, oq) 37−55 metr masofadan ko‘rinadi. Agar ko‘k rang 17 metr masofadan ko‘rinsa, qora rang deyarli ko‘rinmaydi.

пмти

Ma’lum bo‘ladiki yorqin rangdagi kiyimlar yo‘l-transport hodisalariga uchramaslik imkoniyatini yanada oshiradi.

Shu bilan bir qatorda, piyodalar ko‘p o‘tadigan joylarda (jamoat joylari yaqinida, turar joy mavzelarida) tezlikni infratuzilmaviy muhandislik vositalari yordamida cheklash amaliyotini keng miqyosda davom ettirish maqsadga muvofiq. Masalan, jahon amaliyotida yo‘l sathidan biroz balandroq piyodalar yo‘lagi, piyodalar o‘tadigan joylarda yo‘lning qatnov qismini toraytirish, sun’iy burilishlar va boshqa usullar qo‘llaniladi.