Bosh prokuratura mutasaddi idoralar bilan birgalikda Toshkent shahridagi hozirga qadar foydalanib kelinayotgan arxitektura yodgorliklarining ahvolini o‘rgandi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

Poytaxtda mavjud 290 ta tarixiy binolarning 167 tasi tashkilot va idoralar tomonidan foydalanilmoqda. O‘rganishlar obyektlardan noto‘g‘ri foydalanish va zarar yetkazish holatlari mavjudligini ko‘rsatdi.

Jumladan, o‘zboshimchalik bilan 29 ta arxitektura yodgorligiga zarar yetkazgan holda 818 dona konditsioner hamda 20 ta obyektga 36 ta soyabon va banner o‘rnatilgan. Masalan, davlat muhofazasiga olingan Toshkent iqtisodiyot universiteti binosiga 30 ta, Fanlar akademiyasiga 49 ta yoki Transport universitetiga 98 ta konditsioner o‘rnatilgan.

Xabarga ko‘ra, nazorat tadbirlarida 21 ta obyektdagi qonun buzilishi holatlari foydalanuvchilarning o‘zi tomonidan bartaraf etilishi ta’minlandi. Shu bilan birga, 25 ta obyekt foydalanuvchisiga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlar qo‘zg‘atilib, sudlarga yuborildi.

Xususan, “O‘zarxiv”, Badiiy akademiya, Fanlar akademiyasi, Ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi, Geologiya muzeyi, “Boshplan LITI” korxonasi va boshqa idoralar mas’ul shaxslarining javobgarlik masalasi hal etildi.