22 sentabr kuni Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Sessiyada Toshkent viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Lavozimga taklif etilayotgan Zoyir Mirzayev o‘z taqdimotida viloyatdagi eng dolzarb muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar to‘g‘risida axborot berdi.

Tadbirkorlik

Sohani rivojlantirishda 150 ming nafar aholining doimiy bandligini ta’minlash, 40 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish, 15 mingta tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 6,5 mingta xizmat va savdo obyektlari tashkil etish rejalashtirilgan. Shulardan kelib chiqib, prezident mutasaddilarga:

  • joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m, kelgusi yil uchun yana 850 milliard so‘m yo‘naltirish;
  • tadbirkorlik past rivojlangan Piskent, Bo‘ka, Bekobod va Oqqo‘rg‘on tumanlarida 2025 yil 1 yanvarga qadar yer, mol-mulk, aylanmadan olinadigan soliqlarni 1 foiz, foyda solig‘i stavkasini 50 foiz miqdorida belgilash, sotilmasdan turgan davlat mulki obyektlari boshlang‘ich qiymatini 2 baravar kamaytirish;
  • yil yakunigacha 34 ta mahallada Xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazlarini tashkil etishni topshirdi.

Sanoat

Davlat rahbari bor imkoniyatlardan samarali foydalansa, viloyatda sanoatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish mumkinligini qayd etdi.

Shuningdek, mutasaddilarga sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlashga 250 milliard so‘m ajratish, Angrenda kaolin xom-ashyosini chuqur qayta ishlab, farfor va keramika mahsulotlari ishlab chiqarish klasterini tashkil etish, Bekobod tumanida chegara oldi savdo zonasini ishga tushirish va viloyatdagi 100 ta mahalliy korxonani eksportchiga aylantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Agrar soha

Prezident tomonidan viloyatdagi dehqonchilik va chorvachilikka mas’ullar bor imkoniyatning 50 foizidan ham foydalanmayotgani, yer maydonlari katta bo‘lsa ham, meva-sabzavot eksporti ko‘paymayotgani, go‘sht yetishtirish poytaxt va viloyat ehtiyojlari uchun umuman yetarli emasligini ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan:

  • Ohangaron tumanining tog‘-oldi hududlarida kamida 50 ming gektar yerlarni o‘zlashtirish dasturini ishlab chiqish;
  • 9 ming gektarni dehqon xo‘jaliklariga tarqatish;
  • Toshkent, Parkent, Yangiyo‘l, Qibrayda logistika markazlarini ishga tushirib, ularga 50 million dollar yo‘naltirish;
  • Toshkent, Parkent va Qibray tumanlarida yil yakuniga qadar 4 million dona meva va tok ko‘chatlari tayyorlaydigan pitomniklarni tashkil qilish topshirildi.

Umuman, aholi tomorqasidan yiliga 2−3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yilmasa, qishloqlarda munosib hayot tashkil etish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadga erishib bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Infratuzilma

Yig‘ilish jarayonida aytilgan muammo va takliflardan kelib chiqib, prezident 840 ta mahallada ichki yo‘llar, 579 tasida ichimlik va oqova suv, 589 tasida elektr va gaz ta’minoti, 396 tasida maktab, bog‘cha va poliklinika ta’mirlash bo‘yicha ikki haftada dastur qabul qilib, bu boradagi ishlarni jadal boshlash vazifasini qo‘ydi. Jumladan:

  • Tashabbusli budjet doirasida eng ko‘p ovoz olgan loyihalar uchun 150 milliard so‘m ajratish;
  • Osiyo taraqqiyot bankining Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv loyihasining 185 million dollarlik 3-bosqichini boshlash;
  • ichki yo‘llarni ta’mirlashga davlat budjetidan 155 milliard so‘m, qo‘shimcha mahalliy budjetdan 70 milliard so‘m ajratish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Bekobod, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l va Ohangaron shaharlariga zamonaviy elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish vaqti kelganini ta’kidlab, transport vaziriga tegishli qaror loyihasini kiritishga ko‘rsatma berdi.

Turizm

Turizm sohasining holati tahlil qilinganda, turistlarning 80 foizi Bo‘stonliq tumaniga borishi, boshqa tumanlarda infratuzilma va xizmatlar past darajada ekanligi, ichki va xorijiy turistlar soni 1,5 million nafarga ham yetmasligi ta’kidlandi.

«Parkent, Angren va Ohangaron tog‘li hududlarida zamonaviy turizm klasterlarini tashkil etish ishlarini boshlash vaqti keldi», — deya qayd etdi Mirziyoyev.

Viloyatning har bir tuman va shahar hokimiga bir oy muddatda o‘z hududida turizmni qanday rivojlantirishi bo‘yicha aniq ish rejasini ishlab chiqib, ishlarni boshlash shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xorijiy ekspertni jalb qilib, viloyat turizmini rivojlantirish «master-reja»sini ishlab chiqish topshirildi.

Ijtimoiy himoya

Prezident va Kengash deputatlariga aholini ijtimoiy himoya qilish tizimidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha taklif va rejalar bayon qilindi.

Mirziyoyev ijtimoiy soha obyektlarini ta’mirlash bo‘yicha loyiha hujjatlarini o‘z vaqtida tayyorlash zarurligini ta’kidladi, ta’mirlash ishlari o‘quv yili boshlanishidan o‘tib ketmasligi haqida mutasaddilarni qattiq ogohlantirdi.

Olmaliq shahridagi 80-son maxsus maktab va Angren shahridagi 73-son maktab-internatni kelgusi yilda ta’mirlash vazifasi qo‘yildi.

Xorijiy ekspertni jalb qilib, 15 ming talabaga mo‘ljallangan Nurafshon davlat universiteti faoliyatini keyingi o‘quv yilida yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga yil yakuniga qadar 500 nafar og‘ir bemorlarni respublika markazlarida sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Viloyat markazida barcha tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadigan yagona markaz yo‘qligi qayd etilib, mutasaddilarga xorijiy loyihachilarni jalb qilib, kelgusi yildan Nurafshon ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish so‘ngida Zoyir Mirzayev nomzodi Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.