Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 sentabr kuni Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida ishtirok etmoqda, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi.

Sessiya davomida prezident 2021 yil noyabr oyidan buyon Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Zoyir Mirzayev nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi. Nomzod 10 oy davomida viloyatda to‘plagan tajribasi va xulosalari asosida kelgusida hududni jadal rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalari haqida ma’lumot berdi.

Xususan, nomzod o‘z taqdimotida aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtaldi. Bir kishiga uy-joy bilan ta’minlash darajasi respublika darajasidan pastligicha qolayotgani qayd etildi.

Davlat rahbari mutasaddilarga bir qator vazifalar berdi:

  • kelgusi yilga ehtiyojmand aholi uy-joy ipotekasi uchun 100 milliard so‘m subsidiya ajratish;
  • Zangiota tumanida «Yangi O‘zbekiston» massivini qurish bo‘yicha taklif kiritish;
  • Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron, Nurafshon va Yangiyo‘l shaharlarida 19 ta avariya holatidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchilarni zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash chorasini ko‘rish topshirildi.

Shuningdek, prezident viloyatdagi har bir fuqaroga bir marta yangi qurilgan xonadonni imtiyozli ipotekaga olish imkoniyatini berish kerakligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan kelgusi yildan «Mening birinchi uyim» yangi ipoteka dasturini Toshkent viloyatidan boshlash taklif qilindi.