Eronda bir necha kun davom etgan norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylandi. Mazkur namoyishlar hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun politsiya o‘rinbosari tomonidan hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini o‘limidan so‘ng boshlandi.

Reuters agentligining Eron OAVlari va mahalliy prokurorga tayanib xabar berishicha, so‘nggi ikki kun ichida 4 kishi halok bo‘lgan, rasmiy manbalarga ko‘ra jami qurbonlar soni 8 nafarga yetgan, ulardan 2 nafari politsiyachi.

Eronning kurdlar yashovchi shimoli-g‘arbiy mintaqalarida boshlangan va keyin kamida 50 ta shaharga yoyilgan mazkur norozilik namoyishlari 2019 yilda benzin narxi oshishiga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar to‘lqinidan keyingi eng yirik voqea bo‘ldi, deb yozadi agentlik.

Kurdlarning Hengaw inson huquqlari tashkiloti hisobotlariga ko‘ra, 10 nafar namoyishchi halok bo‘lgan, 450 nafari yaralangan va 500 nafari hibsga olingan, ammo bu raqamlar hali tasdiqlanmagan.

Foto: Wana News Agency.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ayollarning norozilik sifatida hijoblarini yoqib, sochlarini qirqayotganlarini ko‘rish mumkin.

BBC`ning IRNA agentligiga tayanib xabar berishicha, politsiya ming nafargacha yetgan olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Janubdagi Sheroz shahridagi to‘qnashuvlarda bir politsiyachi halok bo‘lgani, to‘rt nafari yaralangani xabar qilingan.

Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib qo‘ygan, xavfsizlik kuchlariga tosh otgan, politsiya mashinalari va chiqindi qutilariga o‘t qo‘ygan, hukumatga qarshi shiorlar bilan chiqishgan.

Rasmiylar xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata o‘q uzgani haqidagi xabarni rad etib, ular qurollangan dissidentlar tomonidan otib tashlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Foto: france24.com.

21 sentabr kuni mamlakatda qolgan ikki ijtimoiy tarmoq — Instagram va WhatsApp`ga kirish cheklandi. NetBlocks tashkilotining ma’lum qilishicha, Kurdiston viloyatining ayrim hududlarida internet butunlay uzilib qolgan. Poytaxt Tehron va mamlakatning boshqa hududlarida ham uzilishlar kuzatilgan.

Mamlakat rasmiylari o‘tgan juma kuni Amini hibsga olinganidan keyin vafot etgani haqida xabar berib, o‘lim yurak huruji tufayli sodir bo‘lganini aytdi. Marhumaning yaqinlari qizning yuragi shu vaqtgacha hech qachon muammoga duch kelmaganini ta’kidlamoqda.