Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari iqlim o‘zgarishi sharoitida O‘zbekistonda daryo suv resurslaridan foydalangan holda «yashil» elektr energiyasini ishlab chiqarishga ta’sir etuvchi omillarni o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda yillik elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy quvvati 12,9 GVtni tashkil etib, shundan 2,05 ming MVt qismi yoki 15,8 foizi GESlarning ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

GESlar orqali elektr energiya ishlab chiqarishga bir qator omillar (o‘rtacha yillik suv oqimi, derivatsion kanal suv sarfi, eng yuqori va eng past harorat, yog‘ingarchilik) muhim rol o‘ynaydi. Ammo, iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslarni (qor va yomg‘ir yog‘ingarchiliklari) bashorat qilishda noaniqliklar mavjud bo‘lganligi sababli Gidroenergetika tarmog‘ida barqaror elektr energiya ishlab chiqarish hajmlarini rejalashtirishda ma’lum qiyinchiliklar kuzatiladi.

Ushbu tadqiqot doirasida GESlarda barqaror elektr energiya ishlab chiqarishni ishonchli rejalashtirishda muhim ahamiyatga ega omillarni aniqlash maqsadida O‘rta-Chirchiq GESlar kaskadi misolida korrelyatsiya va regressiya tahlili amalga oshirildi.

PMTI o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatdiki boshqa omillarga qaraganda yillik o‘rtacha suv oqimi elektr energiyasini ishlab chiqarishni bashorat qilishda eng muhim ko‘rsatkich ekanligi aniqlandi. Ya’ni, elektr energiya ishlab chiqarish hajmini aniqroq rejalashtirish bevosita suv oqimi omiliga bog‘liq bo‘ladi.

Natijada, model tenglamasidan foydalangan holda, Chirchiq daryosidagi o‘rtacha yillik suv oqimi 1 birlikga ko‘paysa, boshqa omillar o‘zgarmagan holda (Ceteris paribus farazi bilan), elektr energiyasini ishlab chiqarish 327,6 birlikga oshishini bashorat qilish mumkin.

Ya’ni, agar suv oqimi shartli ravishda yillik 10 mlrd. m3 ko‘rsatkichga yaqinlashsa, O‘rta-Chirchiq GESlari kaskadi tomonidan elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 4,4 mlrd. kVt soatni tashkil etishini prognoz qilish mumkin. Ya’ni iqtisodiy tarmoqlar uchun zarur elektr energiya resursini rejalashtirish bevosita suv oqimi hajmini prognozlashtirish imkoniyatlari va salohiyatiga bog‘liq. Bu borada ilg‘or jahon tajribasini o‘rganish mazkur prognozlarni yanada aniqroq qilish va resurs ta’minoti bilan bog‘liq optimal qarorlarni qabul qilish imkonini beradi.

Shuningdek, taraqqiyot strategiyasiga asosan, 2026 yilga borib O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining hajmi 10 920 MVtga, jumladan gidroelektr stansiyalar hajmi esa 2 920 MVtga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Pirovardida mamlakatda «yashil» elektr energiyasi ishlab chiqarishni 25 foizga yetkazilishi belgilangan.

Ushbu maqsadli ko‘rsatgichlarga erishish uchun mavjud GESlar modernizatsiya qilinmoqda, shuningdek hududlar kesimida har birining quvvati 5 MVtgacha mikro GESlarni qurish bo‘yicha 200 ta biznes-loyihalarni moliyalashtirish uchun xususiy investorlarni jalb qilish sxyemasi tasdiqlandi.

PMTI tadqiqotida ishlab chiqilgan model O‘rta Chirchiq GESlar kaskadida elektr energiya ishlab chiqarishni prognozida derivatsion kanaldagi suv sarfi, harorat va yog‘ingarchilik kabi omillarga qaraganda daryo suv oqimi eng muhim ta’sir etuvchi omil ekanligini aniqladi.

Ya’ni, mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarishni jadallashtirish va «yashil» standartlarga o‘tish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun resurslarni safarbar etishda suv oqimi prognozini aniqlashtiruvchi yuqori tehnologik yechimlarni o‘zlashtirish va zamonaviy usullarni qo‘llash eng muhim vazifalardan bo‘lib qoladi.