O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlarni xorijiy davlatlar hududida harbiy harakatlarda qatnashmaslik bo‘yicha yana bir bor ogohlantirdi va buning uchun jinoiy javobgarlik borligini eslatdi.

Diplomatik vakolatxona xabariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan shaxs xorijiy davlatning fuqaroligiga tegishli deb e’tirof etilmaydi. Prezidentining farmoni e’lon qilingan kundan boshlab O‘zbekiston fuqaroligi bekor qilinadi.

«Shu munosabat bilan, diplomatik vakolatxona O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra „yollanish“ — xorijiy davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishi, ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini eslatib o‘tadi», — deyiladi xabarda.

Elchixona Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasida nazarda tutilgan qonunga xilof harakatlarni sodir etganligi to‘g‘risida xolis ma’lumotlar mavjud bo‘lgan barcha shaxslar istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida fuqarolarni ogohlantirdi.

Shuningdek, elchixona vatandoshlarni da’vatlarga berilmaslik va ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik holati e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatga birinchi navbatda zaxiradagi 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar jalb etiladi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning ta’kidlashicha, buning uchun 300 ming kishini yollash rejalashtirilgan. Biroq qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonda bunday tafsilotlar, shuningdek, kimlarning aniq chaqirilishi ham ko‘rsatilmagan.

Migratsiya agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni namoyishlarda qatnashmaslikka chaqirdi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi vatandoshlarni chet el davlatlar qurolli kuchlari safiga qo‘shilmaslik va jangovar harakatlarda qatnashmaslikka chaqirib, buning uchun jinoiy javobgarlikdan ogohlantirdi.