Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida elektr energiyasidan qarzdorliklarni yo‘q qilib berishni va’da qilgan xodimlar qo‘lga olindi, deya xabar qilmoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda Piskent tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i U.X. tadbirkor B.ga tegishli kichik ishlab chiqarish korxonasining 106 mln so‘m elektr energiyasidan qarzdorligini yo‘q qilib berish evaziga korxona qorovuli O. orqali 6 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, Urgut tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tuman elektr ta’minoti korxonasida bo‘lim rahbari vazifasida ishlovchi S.T. va boshqalar «K.B.» fermer xo‘jaligi rahbari A.N. va «A.Y.» MCHJ rahbari U.X.ning elektr energiyasidan qarzdorligini so‘ndirish uchun 35 mln so‘m va 300 AQSh dollarini qo‘lga kiritib, o‘zlarining shaxsiy ehtiyoji uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.

Shuningdek, departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Sh. Rashidov tuman elektr ta’minoti korxonasi huquqshunosi N.D. fuqaro R.ning xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi holati bo‘yicha hisoblangan 6,2 mln so‘m qarzdorlikni yo‘q qilib berish evaziga 1,9 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.