O‘ktam Ismoilovich To‘rayev Termiz shahar hokimi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Xalq deputatlari Termiz shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, shahar Kengashi deputatlari, viloyat va shahar hokimliklari vakillari, korxona va tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. 2017 yilning fevral oyidan buyon Termiz shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Xudoyberdiyev Isroil Bo‘riyevich vazifasidan ozod qilindi.

Termiz shahar hokimi lavozimiga To‘rayev O‘ktam Ismailovich nomzodi ko‘rsatilib, deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

O‘ktam To‘rayev 1979 yilning 25 oktabrida Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 2000 yilda Termiz davlat universiteti, 2002 yilda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti, 2011 yilda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Muzrabot tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Boysun va Sariosiyo tumanlarida hokimlik qilgan. 2021 yilning may oyidan Qurilish vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.