Namanganning Jaloliddin Manguberdi ko‘chasida aholi xonadonlariga taqab avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasi qurilayotgani aytilmoqda. obyekt qurilishi ortida shahardagi ko‘plab gaz «zapravka»lari egasi, viloyat hokimi Shavkat Abdurazoqovning qudasi Qudrat Abdullayev turgan bo‘lishi mumkin, deya yozmoqda Kun.uz.

Surishtiruvlarga ko‘ra, fuqarolarning prokuratura, shahar hokimligi va ekologiya idoralariga qilgan murojaatlari hech qanday samara bermagan. Bundan tashqari, qurilish obyekti oldidagi ko‘p yillik manzarali daraxtlarni hech bir ruxsatsiz kesib tashlashgan.

O‘zini metan «zapravka» matbuot xizmatidan deya tanishtirgan Ibrohimjon Mamatqulov «zapravka»ga qo‘shni xonadonlar bilan muammo yo‘qligini da’vo qilib, hatto ularning uylari fasadi ta’mirlab berilganini ta’kidlagan. Qo‘shni xonadonlardan birining sohibi Mirzohid Hoshimjonov esa ulardan devorini shuvoq qilib berishlarini so‘ramaganini, buni o‘zlarining «zapravka»si chiroyli ko‘rinishi uchun qilganlarini aytmoqda.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akromjon Oxunov Jaloliddin Manguberdi ko‘chasidagi metan zapravka qurilishidan bexabarligini bildirgan. Biroq qurilish boshlashiga ruxsat beruvchi 2022 yil 23 iyul kungi 49844-sonli shaharsozlik kengashi xulosasida «bu qurilishdan xabarim yo‘q», degan mansabdorning imzosini ko‘rish mumkin. Hujjatlarda qurilish SD SERVIS CENTER MCHJ tomonidan olib borilayotgani aks etgan.

Shuningdek, Jaloliddin Manguberdi ko‘chasida joylashgan «Go‘zal» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhiddinov qurilish obyekti atrofida aholi turar joyi yo‘qligi haqida ma’lumot bergan.

Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Farhod Mamadaliyev Kun.uz so‘roviga javoban viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov va Qudrat Abdullayevning o‘zaro quda ekanini tasdiqlagan. Mamadaliyevning aytishicha, qudachilik rishtalari o‘rnatilganiga endi 1 yil bo‘lgan, Qudrat Abdullayev esa azaldan tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan, uning ishbilarmonlik faoliyatida viloyat hokimining o‘rni mavjud emas.

Qurilish vazirligi vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari tomonidan 21 sentabr kuni gaz quyish shoxobchalari qurilishining qonuniyligini tekshirilishi haqida xabar berdi.

Surishtiruv olib borgan Kun.uz jurnalisti Elmurod Ermatov yuqoridagi material e’lon qilinganidan so‘ng internetda trollar hujumiga uchragan. Anonim foydalanuvchilar muallifni haqorat qilgan va nashr «vaziyatni xolis yoritmagani» va shu tariqa «pul ishlab olishni boshlaganini» ta’kidlagan. Jurnalistlar va jamoatchilik muxbirni qo‘llab-quvvatlab, uni obro‘sizlantirishga urinish bo‘layotganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz»ning aniqlashicha, Shavkat Mirziyoyev qarorlari bilan Qudrat Qosimjonovich Abdullayev 2022 yilda «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni va 2018 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkor Namangan, Farg‘ona va boshqa viloyatlardagi «Namangan-Istiqlol bogʻi» (tabiiy gaz qazib olish, ustav kapitali — 200,1 mlrd so‘m), «Zamin Metal Sanoat» (sanoat sovitish va ventilyatsiya uskunalari ishlab chiqarish, 10,8 mlrd so‘m), «Sifat Metrolog» (texnik sinov va tahlillar, 50 mln so‘m), «Milliy Metal Sanoat» (metall sisterna, rezervuar va konteynerlar ishlab chiqarish, 16 mlrd so‘m), «Afsona Sof Gaz Suv Qurilish» (boshqa toifalarga kiritilmagan boshqa muhandislik inshootlari qurish, 100 mln so‘m), «Parkent Metan Gaz Shoxobchasi» (gaz bilan ta’minlash tizimi orqali gazsimon yoqilg‘ini taqsimlash, 2,2 mlrd so‘m), «Universal Sog’lomlashtirish» (turar joy bo‘lmagan binolarni ijaraga berish va boshqarish, 21,5 mln so‘m), «Kamolot Istiqlol Koʻmakchisi» (ixtisoslashgan do‘konlarda motor yoqilg‘isi chakana savdosi, 20 mlrd so‘m), «Gold Afsona» (zargarlik buyumlari va shunga o‘xshash mahsulotlar ishlab chiqarish, 777 mln so‘m), «Buyuk-Metan» (AGTKS, 26,5 mlrd so‘m), «Farg‘ona Metan Gaz» (AGTKS) va shu kabi o‘nlab korxonalarda muassis sifatida qayd etilgan.

Bir qator korxonalarda, jumladan, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham uning yaqinlari — Dilnoza Qosimjonovna Abdullayeva va Dilorom Kosimjonovna Abdullayeva ta’sischi hisoblanadi.

Tadbirkor shirkatlarining nomlari tuman va viloyatlar hokimlarining qarorlarida ko‘rsatilgan. Masalan, Namangan viloyatining Davlatobod tumani hokimining 2021 yil 7 cyentyabrdagi qarorida «Namangan-Istiqlol bogʻi» gaz ishlab chiqaruvchi «Afsonalar vodiysi» bog‘i hududida 9 va 14 qavatli turar-joy binolari qurish uchun ruxsatnoma olgani aytilgan.

Qudrat Abdullayev 2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovda viloyat Kengashi deputati etib saylangan edi. 2021 yil noyabr oyida viloyat hokimi Shavkat Abdurazoqov rahbarlik qilayotgan xalq deputatlari Kengashi qarori bilan kengashning Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investisiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zosi bo‘ldi.