Qozog‘iston, Armaniston, Turkiya va Vetnamdagi bir qator banklar Rossiyaning “Мир” to‘lov tizimi kartalariga xizmat ko‘rsatishni qisman yoki to‘liq chekladi.

Qozog‘istonning eng yirik banki hisoblangan “Haliq Bank” ( Halyk Bank) bankomatlarda “Мир” kartalari bilan operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatdi. Shu bilan birga, bank xaridlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda “Мир” kartalariga standart rejimda xizmat ko‘rsatishni davom ettiradi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

“Izvestiya” gazetasi “Halik Bank"ning aloqa markaziga tayanib, bank terminallari orqali to‘lov amalga oshirilganda ham bank “Мир” kartalariga xizmat ko‘rsatmayotgani haqida xabar berdi. Nashr shuningdek, Vetnamning BIDV banki ham “Мир” kartalarini qabul qilmasligini ham tasdiqladi.

Armaniston OAVlarida “Мир” karta egalari ayrim banklarning bankomatlaridan pul yechib olishda qiyinchiliklarga duch kelgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Mamlakat Markaziy banki Armaniston banklari sanksiyalar davrida “Мир” kartalarini saqlash bo‘yicha qarorlarni mustaqil ravishda qabul qilishini aytdi.

19-sentabr kuni Turkiyaning ikki yirik banki İşbank va Denizbank “Мир” tizimi bilan ishlashdan bosh tortdi. İşbank yordam markazi bu qaror AQSh va Buyuk Britaniyaning Rossiyaga qarshi sanksiyalari bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Denizbank mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatining aniqlik kiritishicha, bank “Мир” kartalari bilan tranzaksiyalarni to‘xtatgan, ular endi bankomatlar tomonidan qabul qilinmaydi.

Rossiyaning Anqaradagi elchixonasi Turkiyaga sayohat qilayotgan rossiyalik sayyohlarga “Мир” kartalari bilan bog‘liq muammolar tufayli o‘zlari bilan naqd pul olib yurishni tavsiya qildi. Shuningdek, ular Rossiya tizimi bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmagan banklar, masalan, Ziraat bankası terminallari orqali “Мир” kartalaridan foydalanishni maslahat berishdi.

AQSh Moliya vazirligi o‘tgan hafta Rossiya hukumatiga “Мир” kartalaridan Rossiyadan tashqarida foydalanishga yordam beradigan kompaniyalar va xorijiy banklar sanksiyalarga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Rossiyaning Milliy to‘lov kartalari tizimi (NSPK) “Мир” kartalari Turkiya, Vetnam, Janubiy Koreya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Janubiy Osetiya, Abxaziya va O‘zbekistonda ishlaydi. “Мир” kartalaridan foydalanish geografiyasini 2025-yilga kelib 20 ta davlatga, 2030 yilgacha esa 35 taga yetkazish rejalashtirilgan edi, deb yozadi “Vedomosti”.

2019-yil mart oyida RFning Milliy to‘lov kartalari tizimi va O‘zbekiston yagona respublika protsessing markazi Uzcard o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolangan, 2020 yilda esa O‘zbekiston banklari “Мир” kartalarini qabul qila boshlagan. 1-avgust kuni Rossiyada chiqarilgan “Мир” kartalaridan Uzcard kartalariga transchegaraviy pul o‘tkazmalari xizmati ishga tushirilgandi.

“Gazeta.uz” O‘zbekiston Markaziy banki va Uzcardga so‘rovnoma jo‘natdi.