Ichki ishlar vazirligi Jinoyat-qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limiga fuqaro G. K. ning qilgan murojaatiga asosan prokuratura xodimlari bilan birgalikda tezkor tadbir o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Fuqaro M.B. va boshqalar Sirdaryo tumani «Kamolat» mahallasi hududidan daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlarini amalga oshirish uchun «B.G.» MCHJga ajratilgan 4,5 gektar bo‘sh yer maydonini 240 ming dollarga sotishga va 1000 dollar evaziga tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishga kelishgan.

Tezkor tadbir davomida kelishilgan pullardan 13 ming dollarni fuqaro G. K. — ariza muallifidan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan M.B. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a» bandi va 28-modda (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (Pora berish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.