17−18 sentabr kunlari Buxoroi Sharifda o‘ziga xos — Bukhara Night Race xalqaro xayriya musiqiy tungi poygasi katta tantana bilan bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda ilk bor aynan tungi vaqtda o‘tkazilgan marafoni Samarkand Marathon doirasida tashkil etildi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etgan ushbu poygadan maqsad — muzeylarni zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz tashrif buyuruvchilar uchun moslashtirishdan iborat. Tushgan mablag‘lar audiogid, bo‘rtma surat va maxsus jihozlar xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Afisha.uz muxbirlarining yozishicha, poyga dasturiga muvofiq, yugurish chizig‘i Buxoroning tarixiy maskanlari: Kalon masjidi, Labi Hovuz, Abdullahon madrasasi, Poi-Kalon ansambli va Ark qal’asi orqali o‘tgan. Ushbu marafonda esa Kids Run 300, Kids Run 600, 5 va 10 km kabi turli masofalar belgilangan. Unda 1500 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Musiqiy dasturni Ark qal’asida turib livanlik DJ Jad Halal ochib berib, ishtirokchilarga a’lo kayfiyat ulashdi.


Buxoro marafonida doirasida bolalar poygasida 3 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan xavaskor yosh sportchilar qatnashdi. Qolaversa, tungi poyda oilaviy qatnashganlar ham bo‘ldi. Misol uchun Aleksandr (10 km), Anastasiya (5 km) va 5 yoshli Tolik (300 metr) ular qatorida edi. «Buxoro juda go‘zal. Juda do‘stona muhit hukm surmoqda. G‘alaba emas, ishtirok muhim», — deya taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Aleksandr.

Ishtirokchilar orasida turli kasb egalari, taniqli blogerlar, Samarkand Marathon doirasidagi marafonlarni birortasidan chetda qolmayotganlar ham yo‘q emas. Hamkorlar jamoasi — Korzinka`dan marketolog, bloger Mirzayor Erkinov bu uning uchinchi poygasi ekanligini aytdi.


«Bungacha Zominda ishtirok etgan edim. 10 km masofadagi poyga qanday bo‘lishini his etib ko‘rmoqchiman. O‘zbekiston iqlimi juda issiq bo‘lgani sababli, kunduzi Buxoroda yugurishning iloji yo‘q. Men Korzinka aravachasi bilan poygani yakunlamoqchiman. Biz tomondan ovqatlanish nuqtalari va finishga yetib borganlar uchun to‘plamlar taqdim etilgan», — dedi u.

PR bo‘yicha mutaxassis, bloger Madina Ruzmatova esa ilk bora 5 km masofali poygada ishtirok etayotganini aytdi.


«Hissiyotlarga to‘laman. Buxoro — mistik shahar, trassaning ba’zi qismlarida qorong‘i edi. Aynan shu narsa ham Buxoroning o‘ziga xos jihatini ta’minlab turdi. Meni mahalliy aholining iliq munosabati hayratda qoldirdi. Arkda didjey zo‘r chiqish qildi. Bu yerga tashrif buyurganlarning yarmi — ishtirokchilar emas. Ko‘chilik bu yerdagi muhit, buroxocha oshni tanovul qilish uchun kelgan. Buxoro juda ajoyib shahar — u bunday katta tadbirlarga tayyor», — deydi bloger.


Poyga yakunlangach taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. U italiyalik DJ Lehar`ning musiqiy chiqishi bilan davom etdi. Finishga yetib kelgan har bir ishtirokchiga medallar taqdim etildi, ularga o‘z ismlari va yetib kelgan vaqtlarini o‘ydirib yozdirishlari mumkin edi. Birinchi yetib kelganlar esa sahnada, maxsus esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Foto





Bolalar poygasidan so‘ng, navbat katta yoshdagilarga keldi.





Suratlar muallifi: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi. Yanada ko‘proq suratlar bu havolada.