«Yashil makon» tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bosh reja va innovatsion moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish" qo‘shma loyihasi ishga tushirildi, deya xabar qildi BMTTD matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Loyihaning asosiy maqsadi innovatsion uzoq muddatli moliyalashtirish, muvofiqlashtirish va salohiyatni oshirish orqali «Yashil makon» tashabbusining iqlimga chidamliligini oshirishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Loyiha tashabbusi iyunda BMTTD, Davlat ekologiya qo‘mitasi, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) va BMT qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan ilgari surilgan edi.

Loyihani amalga oshirish uchun hamkorlar tomonidan jami 900 ming dollar ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘ orqali 2023 yil dekabrigacha Orolbo‘yi va Surxondaryo viloyati hududlarini o‘rmonzorlashtirish tashabbusini moliyalashtirish, innovatsion monitoring va nazorat tizimini joriy etish, O‘zbekiston landshaftlari va shaharlarini ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan bosh rejani ishlab chiqish, shuningdek, Surxondaryo viloyatining qum va chang bo‘ronlariga chidamliligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Loyiha Moliya vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zgidromet, Suv xo‘jaligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, shuningdek, fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik qiladi.

Bugun, 20 sentabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi (BMTTD), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) va BMTning qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilishda ushbu qo‘shma loyihaning maqsad va vazifalari, amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar rejasi hamda BMTTDning innovatsion moliyalashtirish yechimi va o‘rmonlarni o‘stirishga qaratilgan bosh rejasining texnik-iqtisodiy asoslari bo‘yicha tayyorlangan dastlabki xulosalari taqdimoti o‘tkazildi.

Ochilish marosimida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska «Yashil Makon» nafaqat millionlab ko‘chatlar ekish, balki millionlab ko‘chatlarni kerakli joyga ekib, ularga to‘g‘ri g‘amxo‘rlik qilish ekanini ta’kidladi. U, shuningdek, daraxtlarni parvarish qilishda faqat ehtiyotkorlik bilan rejalashtirish, o‘ylangan va muvofiqlashtirilgan harakatlar hamda barqaror yondashuvlar ijobiy natijaga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

BMTTD tashkilot tomonidan taklif etilayotgan moliyaviy vositalar mamlakat uchun ixtiyoriy uglerod bozorlariga yo‘l ochib berishini, shuningdek, o‘rmon plantatsiyalari orqali uglerod zaxiralarining qaytarilishini ta’minlashini va o‘rmon ekish bilan bog‘liq moliyaviy yukni kamaytirishini qayd etdi.

«Amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha shuningdek, „Yashil makon“ umummilliy loyihasini qo‘llab-quvvatlagan holda mamlakatimizda aholi salomatligi va hudularning iqtisodiy holatini yaxshilash, barqaror ish o‘rinlarini yaratishni, ayniqsa, ayollar uchun qulay ish o‘rinlarini ko‘paytirishni maqsad qilgan», — deyiladi xabarda.