Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi sanksiyalar «jangi» fonida Yevropa ayni damda juda qiyin ahvolda qolib ketdi. Qish yaqin, Yevropa esa bunga hali tayyor emas. «Shimoliy oqim-1» orqali nasoslar hajmining kamayishi va bir necha bor vaqtinchalik to‘xtashlardan so‘ng, 31 avgust kuni «Gazprom» Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining 15% gaz iste’molini ta’minlayotgan quvurni noma’lum muddatga to‘xtatilganini e’lon qildi.

Yevropa gaz omborlari 82% ga to‘ldirilgan, ammo bu butun qish mavsumiga yetmasligi mumkin. Yevropa qishni Rossiya gazisiz o‘tkazishiga to‘g‘ri kelayotgan bir sharoitda, Yevropaning turli mamlakatlarida qanday choralar ko‘rilmoqda? Yevropaliklar bunga tayyormi? Yuqoridagi savollarga «Gazeta.uz»ning ushbu maqolasida javob topishingiz mumkin.

Nima yuz berdi?

Aslida Yevropada energiya inqirozi 2021 yilda boshlangan edi. 2022 yilning mart oyida «Gazeta.uz» nega Yevropa bunday vaziyatga tushib qolgani va Rossiya gaziga qanchalik qaramligi xaqida maqola e’lon qilgandi. Inflyatsiya darajasi ko‘tarilib, gaz narxi keskin oshgach shundoq ham energiya tanqisligi muammosiga duch kelgan YeI mamlakatlari Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari sababli ketma-ket sanksiyalar qo‘llay boshlashdi. Sanksiyalar Rossiyaning iqtisodiy ahvolini og‘irlashtirib, urush harakatlari to‘xtatilishi kutilayotgan edi, ammo natija YeI va AQSh kutganidek bo‘lmadi. Oqibatda Yevropa mamlakatlari tang ahvolda qoldi. Rossiya ham, ehtimol, demarsh sababli o‘zini shu paytgacha bo‘lgan eng asosiy bozoridan uzib qo‘ydi.

«Gazprom» avvalo gaz yetkazib berishni «rejalashtirilgan profilaktika ishlarini» o‘tkazish uchun (yil boshidan buyon ikkinchi marta) to‘xtatgan edi. Ammo 2 sentabr kuni kompaniya kutilmaganda gaz nasoslari agregatining nosoz ekanligini e’lon qildi. Gaz quvurining uskunalari ishlab chiqaruvchisi Siemens kompaniyasi buni tasdiqladi. Siemens uskunani ta’mirlashga tayyor bo‘lsa-da, sanksiyalar sababli ushbu nemis konsernining Kanadadagi zavodiga yuborishning imkoni yo‘q deyilmoqda. Avvalroq yuborilgan turbina Rossiyaga vaqtida yetib kelmagan edi. Faqat Kanada hukumatining maxsus ruxsati bilan ushbu agregat sanksiyalardan holi deb topilgan holda Kanadadan olib chiqilgan edi.

O‘z o‘rnida Siemens kompaniyasi nosozlikni «joyida tuzatish mumkin» ekanligini va bunday nosozlik gaz quvurining ekspluatatsiyasining to‘xtashiga sabab bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Bir necha kun o‘tgach esa Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Shimoliy oqim-1» orqali gaz yetkazib berishni tiklash sharti aslida turbinani ta’mirlash emas, balki Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish ekanligini ochiqchasiga tan oldi. YeI Rossiyaning bunday pozitsiyasini «energetik shantaj» deb baholadi.

Hozir vaziyat qanday?

«Shimoliy oqim-1» to‘xtatilgan paytga kelib, 5 sentabr ma’lumotlariga ko‘ra, yerosti gaz zaxiralari Yevropada 82% ga to‘ldirilgan (87 mlrd kubometr). Rejaga ko‘ra oy oxiriga qadar bu ko‘rsatkich 85% ga chiqishi kutilayotgan edi.

Ammo gaz mamlakatlar bo‘yicha bir tekis taqsimlanmagan. Misol uchun, Portugaliyada zaxiralar 100% ga, Polshada 99% ga, Fransiya, Daniya, Shvetsiya va Belgiyada esa 90% ga to‘ldirilgan. Bolgariya, Vengriya, Slovakiya va boshqa bir nechta mamlakatlarning gaz zaxirasi esa rejadagi 80% dan kamroq. Hammasidan kam zaxira Latviyaning Inchukalns hududida — Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Finlandiyani ta’minlaydigan bu ombor hozircha yarmigacha to‘ldirilgan.

Ammo eng havotirli holat Yevropadagi eng yirik iqtisodiyotga ega mamlakat, YeI dagi tabiiy gazning asosiy iste’molchisi — Germaniyada. Mamlakat gaz zaxirasi 86% ga to‘ldirilgan bo‘lsa-da, bu gaz Germaniyaga ikki oyga yetishi tahmin qilinmoqda. Germaniya 2021 yil oktabridan 2022 yil 31 martgacha 57 mlrd kubometr gaz (oyiga o‘rtacha 9,5 mlrd kubometrdan) iste’mol qilgan. Germaniyaning hozirgi gaz zaxirasi 20 mlrd kubometrni tashkil qiladi. Germaniya bu kamchilikni boshqa resurslar yordamida qoplashga umid qilmoqda. YeI mamlakatlari orasida tabiiy gaz iste’mol qilish bo‘yicha Germaniyadan keyingi o‘rinlarni Italiya (76 mlrd kubometr), Niderlandiya (42 mlrd), Fransiya (41 mlrd) va Ispaniya (34 mlrd) egallab turadi. Ushbu mamlakatlarda ham qish mavsumida jiddiy muammolar kuzatilishi kutilmoqda.

Biroq Yevropa boshqa quvurlar orqali hamon Rossiyadan gaz qabul qilib olmoqda. Moskva va Bryusselning hozirgi paytdagi munosabatlari bir-biriga qarshi bo‘lsa-da, tomonlar gaz yetkazish bo‘yicha aloqalarni to‘liq uzishganicha yo‘q. Shuningdek, Yevropaga Ukraina hududidan o‘tgan «Soyuz» quvuri (yiliga 26 mlrd kubometr gaz yetkazib berish kuchiga ega) orqali ham Rossiya gazi yetkazilmoqda. Bundan tashqari, gaz Turkiya orqali «Moviy oqim» (yiliga 16 mlrd kubometr) va «Turk oqimi» (31,5 mlrd kubometr) quvurlari, u yerdan esa Janubiy Yevropa mamlakatlariga «Bolqon oqimi» quvurlari orqali gaz ta’minoti davom etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya 2021 yilda YeIga jami 155 mlrd kubometr gaz yetkazib bergan, shundan 140 mlrd kubometri «Shimoliy oqim-1» quvurlari orqali ta’minlangan.

Yevropani yana kimlar gaz bilan ta’minlaydi?

YeI mamlakatlarini gaz bilan ta’minlash bo‘yicha Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinda Norvegiya turadi. Mamlakat iste’molning deyarli 22%ini ta’minlaydi. 10% dan kamroq qismini esa Jazoir va Qatar yetkazadi. Yana 10%ga yaqin iste’molni YeIning o‘zi ta’minlaydi.

Yevropa asosiy e’tiborini suyultirilgan tabiiy gazga qaratishni rejalashtirgan. YeIga bunday gazni AQSh, Qatar va Avstraliya sotishi mumkin.

Shuningdek, Financial Times’ning ma’lum qilishicha, bir qator Yevropa mamlakatlari ekologik toza bo‘lmagan texnologiyalardan, aniqrog‘i ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalariga qaytishga tayyorlanmoqda. Fransiya, Germaniya, Italiya va Avstriya allaqachon ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalarini qayta ishga tushirgan. Kamida 13 million tonna ko‘mir yoqiladi. Bu qarordan so‘ng, mutaxassislar Yevropa Ittifoqining 2050 yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini nolga tushirish bo‘yicha strategik rejasini jiddiy shubha ostiga qo‘ymoqda.

Yevropaliklar qishga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

Qish yaqinlashgani sayin yevropaliklar sarosimaga tushmoqda, deb yozadi The Washington Post. Yog‘och va ko‘mir bilan yonuvchi pechlarga talab keskin oshdi va ba’zi hududlarda allaqachon yog‘och tanqisligi kuzatilmoqda.

Yevropa mamlakatlarida elektr energiyasi uchun to‘lovning oshishi yevropaliklarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda va tejash yo‘llarini izlashga majbur qilmoqda. Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya va Niderlandiyada kommunal to‘lovlar o‘tgan yilgiga qaraganda 210% ga qimmatlagan. Bundan tashqari, amaldorlar va tahlilchilar qishda elektr energiyasining iste’molini normallashtirish maqsadida vaqti-vaqti bilan o‘chirilishini aytib ogohlantirishmoqda.

Bir qator Yevropa mamlakatlarida «so‘nggi umid yoqilg‘ilari» yog‘och-o‘tinga talab oshib, defitsit kuzatilmoqda va narxlar keskin oshmoqda. Oqibatda o‘g‘rilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk mashinalari platformalaridan yog‘ochlar o‘g‘irlab, pullay boshlashdi. Ba’zilar sohta saytlar yaratib o‘zidan «o‘tin sotuvchi» yasab olishgan, umidsiz insonlar esa ularga aldanib qolishmoqda. Ayrim mamlakatlarda yog‘och va ko‘mir pechlari zaxiralari to‘liq sotib bo‘lingan.

Yevropa uchun yana bir yomon yangilik — Fransiyadagi atom elektrostansiyalari rejadagi ta’mirlash ishlari sabab to‘xtatilgan. Elektr energiyasini tejash maqsadida tuni bilan shaharni yoritib turadigan Eyfel minorasi chiroqlari soat 23:45 da o‘chiriladigan bo‘ldi.

Neapol shahridan to Nyurnberggacha iste’molchilar to‘lovlar uchun xatlarni yurak hovuchlab ochishmoqda. Qish yaqinlashgani sayin narxlar yanada oshmoqda. Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, Britaniyadagi har to‘rtinchi fuqaro qishda o‘z uyida isitish tizimini yoqmaslikka qaror qilgan. Yevropadagi qo‘shnilaridan farqli o‘laroq, Buyuk Britaniya Rossiya gaziga qaram emas, ammo Britaniya energetika bozori narxlarning oshishi sababli jiddiy zarar ko‘rdi.

YeI mamlakatlari o‘z fuqarolarini resurslarni tejashga chaqirmoqda. O‘z o‘rnida yevropaliklar ham qimmat to‘lovlarni qabul qilib olmaslik niyatida energiyani tejashga majbur bo‘lishmoqda. YeI shunday tang ahvolda ham Rossiya gazining narxini boshqara olishiga ishonmoqda. Ammo ko‘plab mutaxassislar bunday choralar ham aks-ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Ammo agar Yevropa Rossiya gazisiz kun kechirishga moslashsa, muqobil energetika manbalaridan foydalanib, o‘zini ta’minlashni o‘rgansa, Rossiya ham o‘zining eng yirik bozorini yo‘qotishi mumkin. Ammo bundan Rossiya budjeti juda jiddiy zarar ko‘rmaydi.

«Gazprom» esa yaqinda «Qish uzun bo‘ladi» deb nomlangan videosini taqdim etdi. Unda Yevropaning muzlagan shaharlari g‘amli musiqa hamohangligida tasvirlangan.