O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 2022 yil 19 sentabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Vladimir Norov ta’kidlashicha O‘zbekiston BMTni osoyishtalik va barqaror rivojlanishni ta’minlash, butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha universal va ishonchli xalqaro tuzilma, deb biladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari faoliyatidagi ishtiroki jadallashgani qayd etildi. Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining turli yo‘nalishlardagi beshta rezolyutsiyasi qabul qilindi. BMT yuqori darajadagi delegatsiyasi o‘tgan hafta Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida ishtirok etdi.

A.Guterrish O‘zbekiston rahbariyatining ortga qaytmas xususiyatga ega keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirishga bo‘lgan siyosiy irodasi va qat’iyatini yuqori baholadi. BMT O‘zbekistonni ochiqlik va islohotlar siyosatini amalga oshirish yo‘lida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlandi.

Bosh kotib O‘zbekiston va BMT o‘rtasida kengayib borayotgan hamkorlikni olqishladi.

«O‘zbekiston tinchlik, xavfsizlik, inson huquqlari masalalaridan tortib iqlim va barqaror rivojlanishgacha bo‘lgan barcha sohalardagi ishonchli hamkorimiz hisoblanadi. Mamlakat BMTning ko‘p tomonlama kun tartibini ilgari surishda yetakchi o‘rinni egallaydi», — dedi Antoniu Guterrish.

O‘zbekistonning Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yi aholisining turmush darajasi va sifatini oshirish, mintaqada zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy va sanoat infratuzilmasi obyektlarini qurish borasidagi sa’y-harakatlari BMT tomonidan yuqori baholanishi ma’lum qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, «Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘lini qurilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi ma’lum qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish to‘g‘risida kelishib olindi.