Sardoba suv omborini loyihalashtirish va qurilishiga mas’ul bo‘lgan 29 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.

Ta’kidlanishicha, 12 sentabr kuni Toshkent shahar sudida 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167-, 28-,167-, 209-, 28-,209-, 243- va 258-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra sudlanuvchilarning:

  • 1 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi;
  • 1 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 550 baravari miqdorida jarima jazolari;
  • 1 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari miqdorida jarima jazolari;
  • 1 nafariga 3 yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari miqdorida jarima jazolari;
  • 2 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 550 baravari miqdorida jarima jazolari;
  • 23 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 400 dan 550 gacha baravari miqdorida jarima jazolari tayinlandi.

Ushbu hukm ustidan apellyatsiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, mahkumlar va fuqaroviy da’vogarlar esa hukmning ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida Toshkent shahar sudi orqali Oliy sudga berilishi mumkin.

2021 yilning may oyida «Sardoba ishi» bo‘yicha ilk sud ishi bo‘yicha hukm e’lon qilingandi. O‘shanda «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» UK bosh direktori o‘rinbosari 10 yil, yana 4 sudlanuvchi 5 yil, bir nafari 4 yilga qamaldi. 3 kishiga ozodlikni cheklash va jarima jazolari tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 1 may kuni soat 05:55 da «Sardoba» suv ombori yorilib, aholi zudlik bilan evakuatsiya qilina boshlangandi. Texnogen ofat oqibatida 6 kishi vafot etdi, 70 mingga yaqin fuqaro yashash joyini tark etdi, minglab uylar vayronaga aylandi.

Joriy yilning 1 may kuni «Gazeta.uz» fojia va undan keyingi voqelar xronologiyasini jamlangan materialni e’lon qilgandi.

2021 yilning 12 oktabr kuni prezidentlikka O‘zLiDeP partiyasidan nomzod va (o‘sha vaqtda) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Buxoroda saylovchilar bilan uchrashuv vaqtida Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi bilan bog‘liq fojiani yodga olgandi.

«Hozir ayta olaman, umrimda, kinoda ham men bunday voqeani ko‘rmaganman. Odamlar suvning ichida, bolalar daraxt ustida edi. Milliy gvardiyadan [harbiy xizmatchilar orasida] qurbonlar bo‘ldi, ammo odamlarning hayotini saqlab qoldik», — dedi u.