«Davlat fuqarolik xizmati sohasida monitoring o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom loyihasi muhokama uchun portalga qo‘yildi.

Nizom «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston qonunining 26-moddasiga asosan ishlab chiqildi. Nizom davlat fuqarolik xizmati tizimida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunga rioya etilishini ta’minlash maqsadida monitoring o‘tkazish tartibini belgilaydi.

Nizom bilan rejali monitoring Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlangan Ish reja asosida o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Rejadan tashqari monitoring esa:

  • Prezident administratsiyasining topshiriqlari;
  • davlat fuqarolik xizmatchilari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
  • davlat organi tomonidan taqdim etilgan hisobotlar va tahliliy ma’lumotlar natijalari;
  • ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali davlat fuqarolik xizmati sohasidagi qonunbuzilishlar sodir etilayotganligi yoki sohaga oid qonunchilik ijrosi ta’minlanmayotganligi to‘g‘risida berilgan axborotlar;
  • davlat organida o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilmasligi kabi asoslar mavjud bo‘lganda o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Loyihada monitoringni tashkil qilish va o‘tkazish tartibi, monitoring ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlari, monitoring natijalarini rasmiylashtirish, ta’sir choralarini qo‘llash, o‘tkazilgan monitoring natijalari yuzasidan O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasiga tahliliy ma’lumotlar kiritib borilishi bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solinmoqda.