20 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda Prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi yaqinida yuz bergan fojiali voqealar yuzasidan fikr almashdi. Shavkat Mirziyoyev qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda vaziyatning avj olishini to‘xtatish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishilganini chin dildan olqishladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida o‘tkazilgan tadbirlarning sermahsul yakunlarini muhokama qildi.

Ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish, shu jumladan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Bo‘lajak oliy darajadagi, shu jumladan mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi uchrashuvlarga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqildi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti bilan tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgandi.