Navoiy viloyat ichki ishlar boshqarmasi yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘linmasiga fuqaro B.A.ning murojaatiga asosan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro M.Sh. va boshqalar Karmana tumani, «Arg‘un» MFY hududidan «A.N.K» MCHJga issiqxona qurish uchun ajratilgan 2,2 gektar ekin yer maydonini 200 ming dollarga sotishga hamda ushbu yer maydonida namunali turar-joy binolari qurish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishga kelishgan.

Kelishilgan pullardan 20 ming dollarini ariza muallifi — fuqaro B.A.dan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Xabarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan M.Sh. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.