Sirdaryo va Buxoroda institut diplomini olib berish hamda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi departament matbuot xizmati.

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 2 fuqaro boshqa bir shaxsga Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini tugatgani to‘g‘risida diplom olib berishni va’da qilgan. Buning uchun ular fuqaroni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari yordam berishini aytgan va evaziga 3 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Buxoroda kuzatilgan holatda esa fuqarolar 2 nafar fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Buxoro turizm va madaniy meros texnikumiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

Hozirda Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.