Rossiya Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda qonunchilikka xorijliklarning Rossiya fuqaroligini olishini soddalashtirish bo‘yicha o‘zgartishlarni qabul qildi, deb xabar beradi qonun chiqaruvchi organ sayti.

O‘zgartirishlarga muvofiq, «Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari, boshqa qo‘shinlari yoki harbiy tuzilmalarida kamida bir yil muddatga xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan chet el fuqarolari» yashash ruxsatnomasini olmasdan turib Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishlari mumkin.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, harbiy shartnoma bo‘yicha kamida uch yil xizmat qilish kerak, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, o‘zgartishlarda askar, matros, serjant va starshina saflarida harbiy xizmatga kirayotgan chet el fuqarosi bilan harbiy xizmatni o‘tash uchun birinchi shartnoma tuziladigan muddatni besh yildan bir yilgacha qisqartirish taklif etilmoqda.

«Yaqin kelajakda Moskva hukumati Rossiya Mudofaa vazirligiga chet el fuqarolarining harbiy xizmatga kirishini tashkil qilishda yordam berish uchun «Saxarovo»da [migratsiya markazi] to‘liq infratuzilmani joylashtiradi», — deya ma’lum qildi Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin o‘z blogida.

«Shahar xizmatlari shartnomalar tuzish fuqarolarga imkon qadar qulay bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan hamma narsani qiladi», deb ishontirdi u.

Eslatib o‘tamiz, «Perm o‘lkasidagi o‘zbeklar Markaziy Osiyo jamiyati» tashkiloti rahbari Jahongir Jalolov O‘zbekistonda tug‘ilib, Rossiyaning ushbu hududida yashayotgan fuqarolarni Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashishga chaqirib, «o‘zbeklar shu yerda yashayotgani, ishlayotgani, ularning farzandlari esa o‘qiyotganini oqlashga majbur» ekanliklarini ta’kidlagandi.

Mazkur xabarlarga O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi munosabat bildirib, O‘zbekiston fuqarolarini bunday da’vatlarga ergashmaslik, ziddiyatli hududlarga bormaslik va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi.

Agentlik shuningdek, O‘zbekiston JKning 154−1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilganini eslatib o‘tdi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlarni xorijiy davlatlar hududida ko‘ngilli batalonlar tuzish va harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirdi, qolaversa, extiyotkor bo‘lishga chaqirdi.