Toshkent xalqaro aeroportida o‘zbekistonliklarining chet elga chiqishiga taqiq qo‘yish bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarning echimi maqsadida Majburiy ijro byurosining xizmat ko‘rsatish bo‘limi tashkil etildi, deya xabar bermoqda Uzbekistan airports matbuot xizmati.

MIB bo‘limi Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish zalidagi ma’lumot stolida joylashgan. Xodim yo‘lovchining iltimosiga binoan qarz bor yoki yo‘qligini aytishi mumkin. Shuningdek, qarzni to‘lab va to‘lov hujjatini taqdim etilganidan so‘ng MIB xodimi tizimni yangilashi va yo‘lovchidan ketish uchun taqiqni olib tashlashi mumkin.

«Kommunal to‘lovlar, kreditlar, jarimalar va boshqa qarzlar o‘z vaqtida to‘lanmagani uchun O‘zbekistondan tashqariga chiqish cheklanishi mumkin. Biror kishi bu haqda unutishi va chegarani kesib o‘tish paytidagina bilishi mumkin. Shuningdek, cheklov inson omili sabab noto‘g‘ri qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. O‘n uch yoshli o‘smirning „aliment qarzi“ tufayli mamlakat tashqarisiga ucha olmagani bunga yorqin misoldir. Kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun Majburiy ijro byurosi xodimlari aeroportda 24/7 ishlaydi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, MIB vakili to‘lovlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilmaydi. Ayni paytda yo‘lovchilar faqat elektron to‘lov tizimlari (Click, PayMe, Apelsin va boshqalar) orqali qarzdorliklarni yopishlari mumkin. Yaqin kunlarda auksionlar yakunlangach, Toshkent aeroportida o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari o‘rnatiladi va ular orqali yo‘lovchilar nafaqat plastik kartalar, balki naqd pulda ham to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

MIB matbuot xizmati kotibi Farrux Toshpo‘latovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hududidagi barcha aeroportlar markazlashgan tartibda Toshkent xalqaro aeroportidagi shoxobcha orqali ma’lumot olishadi.

«Boshqa aeroportlarda ham fuqarolarda taqiqlar masalasida muammolar yuzaga kelganida, markazlashgan tartibda masalani o‘rganish va hal etish uchun maxsus telefon raqami (95 411 07 17) joriy qilingan. Fuqarolar bu raqam orqali yoki aeroport mas’ul xodimlari yordamida Toshkent xalqaro aeroportidagi interaktiv shoxobcha bilan bog‘lanishlari va muammolarini hal qilishlari mumkin», — dedi byuro vakili.

Bundan tashqari, u yuqoridagi holatlarda barcha chegara postlar hozircha Toshkent aeroporti bilan bog‘lanishini, keyinchalik temiryo‘llarda ham MIB bo‘limlarini ochish rejada borligini qayd etdi.

Ma’lumot o‘rnida, aliment to‘lash uchun javobgar shaxs bo‘lgan va turmush o‘rtog‘idan sud tomonidan maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lmagan yo‘lovchining aliment to‘lash bo‘yicha qarzi bo‘lmagan taqdirda ham chet elga chiqishi taqiqlanadi.