Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi [PF-46-sonli] «Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni talablariga muvofiq xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrining 2023−2027 yillarga mo‘ljallangan ko‘kalamzorlashtirish bosh rejasini tasdiqlandi. Qaror bilan bir qator vazifalar belgilanmoqda. Jumladan:

  • 2024 yilga qadar poytaxtni yashillik darajasini 30%ga yetkazish;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va tuman hokimliklariga atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga mansub bo‘lgan korxonalarining atmosfera havosini ifloslantiruvchi statsionar manbalarida samaradorligi 95%dan past bo‘lmagan chang va gazlarni tutib qoluvchi qurilmalarni o‘rnatilishini nazorat qilishni yuklatish;
  • shahar va tumanlar markazlari ko‘chalaridagi irrigatsiya tarmoqlarini xatlovdan o‘tkazib, tarmoqlarni joriy ta’mirlash va yangilash choralarini ko‘rish;
  • daraxtlarni zararkunanda hasharotlardan saqlab qolish uchun chet ellik mutaxassislarni jalb etish;
  • 2022−2024 yillarda shahardan o‘tadigan kanallarning (62 km qismi) qirg‘oq bo‘ylarini obodonlashtirish, kanallarning qirg‘oqlarini mustahkamlash, ko‘kalamzorlashtirish va sayilgohlar tashkil etish.

Xujjatda ma’lum qilinishicha, obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan yiliga o‘rtacha 7 mln dona mavsumiy gullar ekilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga yiliga 75 ming donadan kam bo‘lmagan miqdorda daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida obodonlashtirish ishlari olib borilayotganligiga qaramay daraxtlarga shikast yetkazish, ularni kesish jarayonlari eng ko‘p qayd etilgan. Avvalroq, deputat Rasul Kusherbayev tadbirkorlarga ajratilgan hududlardagi devorlar bilan o‘ralgan 5 mingta daraxt kesilish xavfi ostida ekanini ma’lum qilgandi. U moratoriyga rioya etilmayotgani bois hokimlarning bunday yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risida qarorlarini bekor qilishga chaqirdi.