Qirg‘iziston rahbari 14−17 sentabrda tojik-qirg‘iz cheragasida yuz bergan to‘qnashuvlar yuzasidan o‘z xalqiga murojaat qildi.

Prezident to‘qnashuvlar vaqtida aholini faqatgina rasmiy idoralar taqdim etgan ma’lumotlarga tayanishga, yolg‘on axborotlarga ishonmaslikka chaqirdi.

«Davlatimiz chegaralari bilan bog‘liq bahsli masalalar bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi bilan chegaradagi barcha hududlar tartibga solingan, ularni rasmiy hujjatlashtirishgina qoldi. Bugungi kunda faqat Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududlar aniqlashtirilmagan va muammoni keltirib chiqarmoqda. Biz qirg‘iz-tojik chegarasidagi kelishmovchiliklarni faqat tinch yo‘l bilan hal qilishga harakat qilishda davom etamiz» — deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, qirg‘iz-tojik chegarasida qurolli to‘qnashuvlar uzoq vaqtdan buyon davom etib kelmoqda. Oxirgi yuz bergan mojarolarda tomonlar yana bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish talabini buzganlik, hududlarni o‘qqa tutish hamda provokatsiyalarda aybladi. Tomonlar 17 sentabr kun oxiriga kelib otishmani to‘xtatishga kelishib oldi.

Shuningdek, qurolli to‘qnashuv natijasida jami 84 kishi halok bo‘lgan. Qirg‘iziston tomoni 46 kishi halok bo‘lgani va 140 kishi yaralangani to‘g‘risida, Tojikiston esa 36 nafar qurbon va 20 kishi yaralanganini rasman ma’lum qildi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov farmoni bilan 19 sentabrni respublikada umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi.