Shavkat Mirziyoyev turizm sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda transport vaziri Ilhom Mahkamovning uyg‘onadigan vaqti kelgani haqida gapirdi.

«Endi transport vaziri Mahkamov ham uyg‘onadigan vaqt keldi», — deya ta’kidladi prezident.

Shuningdek, u Transport vazirligiga turli vazifalarni yukladi:

Xususan, barcha davlatlarning aviatsiyaga mas’ul idoralari Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalar reyslari va yo‘nalishlariga bo‘lgan barcha cheklovlar olib tashlanganini yetkazadi.

Xorijiy aviakompaniyalar bilan kelishuvga erishib, Samarqandga Yevropa, Osiyo, Amerika, Arab davlatlari hamda qo‘shni mamlakatlardan kuniga kamida 10 ta xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, vodiy, Nukus, Urganch va Termizdan har kuni kamida 1 ta aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda Samarqandda bir yillik xalqaro uchrashuvlar va anjumanlarni o‘tkazish dasturini tasdiqlash topshirig‘i berildi.

Prezident besh kun muddatda Samarqanddagi yangi majmualarni ishlatish, buning uchun qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha alohida qaror loyihasini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Samarqandda barpo etilgan yangi aeroport, 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, park, boshqa ko‘ngilochar va dam olish majmualari — mamlakatimiz tarixida yangi turizm darvozasi va Yangi O‘zbekistonning «tashrif qog‘ozi»ga aylanishiga aminman», — dedi u.

Endi ularni ham aholi, ham xorijiy sayyohlar uchun ishlatish kerakligi ta’kidlandi. Shu bois Tashqi ishlar vazirligiga:

  • «Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» targ‘ibot kampaniyasini o‘tkazish;
  • Samarqandga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash topshirildi.

Elchixonalarning oldiga xorijiy mamlakatlarda targ‘ibot kampaniyasi, xorijiy ommaviy axborot vositalari, mashhur turistik blogerlar uchun press-turlar tashkil etish topshirig‘i qo‘yildi.