Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroning shifokorlar aybi bilan vafot etgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 12 sentabr kuni Yangibozor tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq kompleksida tumanning Shirinqo‘ng‘irot qishlog‘i, Ochanqal’a mahallasida yashagan 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro G. B.da tug‘ruqdan keyin qon ketish kuzatilgach, bachadon ortig‘i bilan olish jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Jarrohlik amaliyotidan keyin G. B. 13 sentabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm filialiga o‘tkazilgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, 14 sentabrda filialning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Fuqaro G. B.ning o‘limi sababini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi hamda unga ko‘rsatilgan tibbiy yordamning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlash yuzasidan komissiyaviy sud-tibbiy ekspertizasi, shifokorlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Hozirda holat yuzasidan Yangibozor tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.