17 sentabr kuni «ArMI-2022» xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston harbiylarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

O‘tgan shanba kuni bo‘lib o‘tgan armiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlariga pul mukofotlari topshirildi. Musobaqalarda yuqori natija ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarga muddatli harbiy unvonlar topshirildi.

Musobaqalar 15−27 avgust kunlari bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi 7 oltin, 10 kumush va 5 bronza medalini qo‘lga kiritib, 37 davlat orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston harbiylari ham shaxsiy va jamoaviy bellashuvlarda 22 ta rekordni qayd etdi.

Birinchi o‘rinni Armiya o‘yinlari tashkilotchisi Rossiya Mudofaa vazirligi jamoasi egalladi. Uchinchi o‘rinni Belarus harbiylari band qildi.

O‘zbekiston terma jamoasi 21 ta musobaqada ishtirok etib, quyidagi sovrinlarni qo‘lga kiritdilar:

Birinchi o‘rin: «Xavfsiz muhit», «Qurolsoz usta», «Dala oshxonasi», «Merganlar marrasi», «Haqiqiy do‘st» (erkaklar va ayollar jamoalari);

Ikkinchi o‘rin: «Elbrus halqasi», «Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi», «Harbiy-tibbiy estafeta», «Harbiy ralli», «Muhandis formulasi», «Otliq marafon», «Desant vzvodi», «Qutb yulduzi», «Ishonchli qabul» (erkaklar va ayollar jamoalari);

Uchinchi o‘rin: «Avtozirxli tank-texnika ustasi», «Professional mergan», «Armiya taktik o‘qchisi», «Meridian» va «Sayan yurishi».

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekistonda beshta armiya o‘yinlari musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Jizzax shahridagi «Forish» o‘quv poligonida «Dala oshxonasi» va «Qurolsoz usta», Samarqand shahridagi «Sazagan» poligonida «Xavfsiz muhit», Sharqiy harbiy okrugda «Yo‘l patrul» va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida «Sodiq do‘st» ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi.

Foto