Oxirgi bir necha oy ichida Yandex Go mijozlari to‘lov naqd pulsiz usulda amalga oshirilsa, haydovchilarning yo‘lovchi tashish va yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatishni rad etishi holatlariga duch kelishmoqda. «Gazeta.uz» haydovchilardan norozilik sabablarini so‘rab, taksoparklar va agregator muammoni qanday hal qilishga urinayotganini o‘rgandi.

Nimalar bo‘lyapti?

Muammo yoz boshidan beri kuzatilmoqda. Ba’zi haydovchilar mijoz belgilagan nuqtaga yetib kelganida, olib ketishni rad etishsa, boshqalari to‘lov usulini aniqlashtirish uchun mijozga oldindan qo‘ng‘iroq qilishadi.

Agar haydovchi buyurtma joyiga allaqachon yetib kelgan bo‘lsa, u tezda mijozdan safarni bekor qilishni so‘raydi. Yandex Go ilovasi to‘lov usulini naqdsiz hisob-kitobdan naqd pulga o‘zgartirishga ruxsat bermaydi. Safar bekor qilinganda, chaqiriq uchun foydalanuvchining kartasidan ma’lum miqdorda mablag‘ yechib olinadi. Agar taksi haydovchisining ustidan shikoyat qilinsa, qoidaga ko‘ra, hisobdan pul yechib olish bekor qilinadi, ammo bu holatda haydovchining reytingi tushadi. Taksichilarning o‘zlari esa buyurtmani manzilga yetib kelganidan 8 daqiqa o‘tgandan keyingina bekor qilish mumkinligini ta’kidlashdi.

Yandex Go tizimi qanday ishlaydi?

Haydovchilarning tushuntirishlariga ko‘ra, tizimda ishlash uchun taksichining ilovadagi shaxsiy kabinetidagi virtual hamyonda haydovchilar uchun ma’lum miqdorda pul turishi kerak. Undan agregator hamda haydovchi u orqali tizimga ulana oladigan hamkor taksopark komissiyasi ushlab qolinadi. Komissiya virtual hamyondan xizmatlar uchun naqd pulsiz to‘lov uchun ham, naqd pul uchun ham yechib olinadi. Bunday holda, naqd bo‘lmagan mablag‘lar xuddi shu virtual hamyonga o‘tadi.

Yandex Go kompaniyasining aniqlik kiritishicha, agregator ushlab qoladigan yagona miqdor, bu — xizmat komissiyasi. U tarif va shaharga qarab 5 foizdan 13 foizgachani tashkil etadi.

«Har qanday qo‘shimcha foizlarni parklarning o‘zlari belgilaydi. Yandex Go`ning bunga hech qanday aloqasi yo‘q», — deya ta’kidlandi kompaniyadan.

Shu bilan birga, hamkor taksoparklarda komissiya boshqacha. Masalan, hamkor parklardan birining direktori Sherzod P. «Gazeta.uz»ga 3,5 foiz komissiya olayotganini aytdi. AMIR B-V taksoparki orqali Yandex Go`ga ulangan haydovchilardan biri esa «Gazeta.uz»ga ushbu kompaniya 4 foiz olib qolishini ma’lum qildi.

Tahririyat bilan suhbatlashgan haydovchilar virtual hamyon balansini to‘ldirishning bir necha yo‘li borligini ta’kidlashdi. Ular: taksoparkda, Paynet shoxobchalari, «Kapitalbank» va Paynet to‘lov terminallari, Payme va Click to‘lov ilovalari, mijozlarning naqd pulsiz to‘lovlari hisobidan.

Haydovchi balansida pul bo‘lmasa, u tizimdan uziladi va balans to‘ldirilgunga qadar buyurtma qabul qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Taksi haydovchilarining so‘zlariga ko‘ra, mijozlar xizmatlar uchun faqat naqd pulda to‘laydigan kunlar bo‘ladi. Shunga ko‘ra, haydovchilar balansni o‘z vaqtida to‘ldirishlari kerak, shunda xizmat komissiyani olishi, haydovchilar esa ishlashni davom ettirishi mumkin.

Buyurtma kelganda, haydovchilar uni qabul qilish yoki rad etish uchun bir necha soniya vaqtlari bo‘ladi. Shu bilan birga, haydovchi hozircha to‘lov qaysi usulda bo‘lishini oldindan aniqlay olmaydi.

«Toshkentda xizmatda ikkala to‘lov usuli ham mavjud — naqd va naqdsiz. Foydalanuvchilarning ulardan istalgan birini tanlay olishlari muhim, — deb izoh berdi Yandex Go kompaniyasi. — Shuning uchun haydovchilar muntazam ravishda naqd pulsiz to‘lovli safarlarni rad eta olmaydigan xizmat standarti Yandex Go mavjud bo‘lgan barcha mamlakatlarda amal qiladi. Xuddi shu qoida boshqa sabablarga ko‘ra takrorlanuvchi rad etishlar uchun ham qo‘llaniladi».

Haydovchilardan biri «Gazeta.uz»ga ilovani agregator faqat naqd yoki faqat karta orqali to‘lash mumkin bo‘lgan buyurtmalarni taklif qiladigan qilib sozlash mumkinligini ma’lum qildi. Biroq Yandex Go ushbu ma’lumotni rad etdi.

«Po umolchaniyu» sozlamasida dastur istalgan to‘lov usuli bilan buyurtmalarni taklif qiladi. Bunday holda, haydovchi to‘lov shakli haqida faqat buyurtmani qabul qilgandan keyin bilib oladi. Agar haydovchilar to‘lov shakli tufayli buyurtmani rad etsa, ularning reytingi tushadi va buyurtma olish ehtimoli pasayadi.

«Yuqori reytingga ega haydovchilar esa, aksincha, turli imtiyozlarga ega bo‘lishadi», deb ta’kidladi Yandex Go.

Ma’lumot uchun. Taksopark direktori Sherzod P.ning so‘zlariga ko‘ra, barcha buyurtmalarning qariyb 50 foizi yo‘lovchi yoki haydovchilar tomonidan bekor qilinadi.

Haydovchilar nimadan shikoyat qilishmoqda?

Ko‘pchilik haydovchilarning «Gazeta.uz»ga aytishicha, Yandex Go ilovasidagi virtual hamyon ularning shaxsiy bank kartasiga bog‘lanmagan. Bu mijozning naqd pulsiz mablag‘lari avval Yandex Go hisobiga o‘tkazilishini anglatadi. Taksi haydovchilarining so‘zlariga ko‘ra, pul dastlab Rossiyaga jo‘natiladi va shundan keyingina O‘zbekistonga qaytariladi. Yandex Go taksi haydovchilarining taxminiga izoh bermadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik MyTaxi agregatori haydovchilari mijozlardan to‘lovlarni safar yakunlangandan so‘ng darhol bank kartalariga oladilar.

Yandex Go haydovchisi Ildar mijozlarga eng ko‘p «Komfort» tarifi bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda u o‘z balansidan bank kartasiga pul o‘tkazish uchun taksi kompaniyasiga ariza bilan murojaat qilishi kerakligini tushuntirdi. Haydovchi bilan hisob-kitob qilish uch-besh kun davom etadi, dedi Ildar. Boshqa haydovchilarning ta’kidlashicha, taksi kompaniyalarida naqd pul olish uchun ariza beruvchi haydovchilarning uzun navbatlari hosil bo‘ladi.

Yandex Go esa hisob-kitob o‘rtacha bir ish kunini olishini ma’lum qildi. Yana bir Yandex Go taksi haydovchisi Qudrat bu ma’lumotni tasdiqladi. Biroq, boshqa bir qator haydovchilarning ta’kidlashicha, hisob-kitob bir kundan ortiq davom etadi.

Taksopark direktori Sherzod P.ning so‘zlariga ko‘ra, ayrim taksoparklar haydovchilar bilan hisob-kitobni kechiktirmoqda. Uning taksoparkida jarayon quyidagicha: naqd bo‘lmagan mablag‘lar birinchi navbatda sherikning hisobiga tushadi, shundan so‘ng taksopark haydovchining iltimosiga ko‘ra pulni naqdlashtiradi va u bilan hisob-kitob qiladi. Sherzod P.ning aytishicha, hisob-kitob 5−10 daqiqani oladi va ish kunlari soat 8:00 dan 17:00 gacha amalga oshiriladi. Yana bir qancha taksoparklar haydovchilarga to‘lovlarni to‘lash tartibi haqida gapirishdan bosh tortdi.

Ba’zi haydovchilarning ta’kidlashicha, naqd pulsiz to‘lovlar asosida xizmat ko‘rsatishdan ommaviy ravishda voz kechishga taksoparklar tomonidan pulni naqdlashtirganlik uchun 12 foiz ushlab qolinayotgani sabab bo‘lmoqda. Shunda taksichilar Yandex Go komissiyasi, taksoparklarning tizimga ulanganlik uchun komissiyasi hamda pulni naqdlashtirganlik uchun olinayotgan foiz hisobiga mablag‘larining 30 foizga yaqinini yo‘qotishmoqda.

Taksopark direktori Sherzod P.ning qayd etishicha, kompaniya naqd pul olish uchun foiz olib qolmaydi. Haydovchi Ildarning aytishicha, uning taksoparki ham taksi haydovchilari bilan to‘liq hisob-kitob qiladi. Ayrim haydovchilarning xabar berishicha, xodimlarning ommaviy noroziligi natijasida taksoparklar bu amaliyotdan voz kechgan.

Sherzod P.ning so‘zlariga ko‘ra, bir qator taksoparklarda haydovchilar mablag‘laridan komissiya ushlab qolinishi Yandex Go hamkorlarining daromad solig‘i to‘lashlari shartligi bilan bog‘liq, naqd pul berish tartibining o‘zi esa murakkab. Haydovchilar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilish uchun ko‘plab taksoparklar, Sherzod P.ning so‘zlariga ko‘ra, o‘z mablag‘larini tikadi yoki qarz oladi. Bundan tashqari, taksoparklar hisobida ham, haydovchilar hisobida ham doimo pul bo‘lishi kerak. Agar taksopark hamyoni bo‘sh bo‘lsa, Yandex Go hamkorni uzib qo‘yadi. Shu sababli taksoparklar doimiy ravishda o‘z balanslarini ham o‘z mablag‘lari, ham haydovchilar hisobidan to‘ldirib boradi, aks holda nafaqat hamkor taksoparklar, balki ular orqali Yandex Go`ga ulangan haydovchilar ham ishsiz qolishadi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot.uz.

Natijada haydovchilar uchun pulni naqdlashtirish bilan bog‘iq qiyinchiliklar — taksoparklarda navbatlar, ariza yozish zarurati — naqd pulsiz to‘lovli buyurtmalarni qabul qilishda to‘siq bo‘lmoqda.

Ko‘pgina haydovchilar uchun Yandex Go`da ishlash — yagona tirikchilik manbai. Naqd pulning yo‘qligi va hisobidagi pullarini yechib olish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ularga, jumladan, Yandex Go`da ishlash uchun zarur bo‘lgan kundalik xarajatlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi. Yoqilg‘i to‘ldirolmaydi yoki mashinasini yuva olishmaydi, topgan pullarini ro‘zg‘or ehtiyojlariga sarflay olishmaydi, chunki bu pullarni kerakli paytda yechib olishning imkoni bo‘lmaydi.

Haydovchi Ildar virtual hamyonidagi balans nolga tushib qolgani, taksopark ham hisob-kitob qilmagani uchun to‘rt kun ishlay olmaganini so‘zlab berdi. Boshqa haydovchilar ham mashinasiga yoqilg‘i quyish uchun hech vaqosi bo‘lmagan vaqtlarini eslashdi.

Biroq naqd pul ortidan quvishning boshqa jihati ham bor. Paynet punktlari va «Kapitalbank» va Paynet to‘lov terminallarini izlashga hamma haydovchilarda ham vaqt bo‘lavermaydi yoki ular bu joylardan uzoqda bo‘lishlari yoki terminallar ishlamay qolishi mumkin. Ayrim haydovchilarda esa Payme va Click orqali Yandex Go virtual hamyonini to‘ldirish imkonini beradigan bank kartalarining o‘zi yo‘q. Haydovchilarning bank kartasi bo‘lgan taqdirda ham, gohida naqd pul qabul qiluvchi bankomatlarni topish va ularni ishlatishda qiyinchiliklar tug‘iladi. Albatta, Yandex Go ilovasidagi virtual hamyon balansini to‘ldirishning boshqa usullari ham bor, masalan, tanishlardan so‘rash. Ammo bu har doim ham foyda beravermaydi va taksichilarning ishini qiyinlashtiradi.

Barcha qiyinchiliklarga qaramay, so‘rovda qatnashgan haydovchilar Yandex Go mijozlaridan shikoyat qilishmadi. Ular ko‘pchilik oyligini bank kartasiga olishini tushunishadi, lekin bu ularning muammosini hal qilmaydi.

Shu bilan birga, bank kartasiga ega bo‘lgan taksichilar mijozlarning to‘lov ilovalari orqali kartasiga pul o‘tkazib berishlariga qarshi emas. Bu, o‘z navbatida, haydovchilarga ham hisobni to‘ldirish, ham bankomatlardan naqd pul yechib olish imkonini beradi.

Ba’zida haydovchilar agregator va taksoparkka komissiya to‘lamaslik uchun tizimni aldashga harakat qilishadi. Haydovchi Damirning aytishicha, haydovchilar mijozdan safarni bekor qilishni so‘rashi va ilovada ko‘rsatilgan narxda uni manziliga olib borishi mumkin, bunda mijoz taksichiga yo‘l kirani naqd pulda beradi yoki uning bank kartasiga o‘tkazadi. Shuningdek, haydovchilar tirbandliklarni bahona qilib safar narxini oshirib yuborgan holatlar ham bo‘ladi.

Hamma haydovchilar ham naqd pulsiz to‘lovga qarshi emas

Yandex Go virtual hamyonidan pul mablag‘larini yechib olishda yuqorida sanab o‘tilgan barcha qiyinchiliklarga qaramay, ba’zi haydovchilar to‘lov usuli borasida qayg‘urishmaydi.

Ba’zilar hisobini katta miqdorda to‘ldirib qo‘yishadi, boshqalari esa bunda hech qanday muammo ko‘rmaydi, chunki ko‘pchilik mijozlari xizmatlar uchun naqd pul to‘laydi. Yana ayrimlar bo‘sh vaqtlarida Yandex Go`da pul ishlashadi, shuning uchun hamyonlarida katta miqdor pul yig‘ilishi ular uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Haydovchi Damirning aytishicha, uning buyurtmalarining atigi 15 foizigina naqd pulsiz usulda to‘lanadi. Bu ko‘rsatkich baland bo‘lmaganligi sababli, naqd pullar uning xarajatlariga yetadi, naqd bo‘lmagan pullar bilan esa virtual karta balansini ushlab turish mumkin. Shunday qilib, u ishlagan pullarini naqdlashtirish va Yandex Go virtual hamyonini to‘ldirish uchun vaqtni behuda sarflamaydi.

«Ularni yechib olish uchun menda millionlab pullar yig‘ilmaydi», — deya xulosa qildi taksi haydovchisi.

Yandex Go mijozlarning qancha qismi xizmatlar uchun bank o‘tkazmasi orqali to‘lashini ma’lum qilmadi. Biroq, haydovchi Ildarning kuzatishlariga ko‘ra, «Komfort» va «Biznes» tariflari mijozlari ko‘pincha bank kartasi bilan to‘laydilar.

Yandex Go`ning qayd etishicha, savollar tug‘ilganda, haydovchilar har doim o‘z avtoparkiga telefon orqali yoki haydovchi ilovasidagi qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishlari mumkin.

«Mutaxassislarimiz vaziyatni tushunishga va muammoni hal qilishda yordam berishga harakat qilishadi. Biz qo‘pol qoidabuzarliklar sodir bo‘lganda, masalan, haydovchilar bilan hisob-kitob qilinmayotgani to‘g‘risida takroriy shikoyatlar kelib tushganda, hamkor xizmatlarni xizmatimiz bilan ishlashdan uzamiz», — deya ma’lum qildi kompaniya vakili.