Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi qurolli to‘qnashuv natijasida jami 84 kishi halok bo‘lgan. Qirg‘iziston tomoni 46 kishi halok bo‘lgani va 140 kishi yaralangani to‘g‘risida, Tojikiston esa 36 nafar qurbon va 20 kishi yaralanganini rasman ma’lum qildi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov farmoni bilan 19 sentabrni respublikada umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida Qirg‘izistonni «qurolli bosqinchilik», tinch aholi, jumladan, bolalar halok bo‘lgan fuqarolik infratuzilmasi, maktab va aholi punktlarini o‘qqa tutishda aybladi.

Vazirlik, shuningdek, Qirg‘iziston tomoni Tojikistondan «tajovuzkor obrazi»ni yaratmoqda, deb hisoblaydi.

«So‘nggi kunlarda qirg‘iz tomoni o‘z qo‘shnisi timsolida „tajovuzkor“ qiyofasini yaratish maqsadida ochiq yolg‘on va ig‘volardan qochmasdan, Tojikistonga qarshi axborot kampaniyasini davom ettirmoqda hamda shu orqali chegara hududida keskinlikni kuchaytirmoqda. Qirg‘iziston prezidenti 17 sentabr kuni xalqqa murojaatida Tojikistonga nisbatan „dushman“ so‘zini ishlatgan, bu do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhiga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi xabarda.

Bunga javoban Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Tojikistonni «Qirg‘izistonning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tajovuz qilish», shuningdek, «oldindan rejalashtirilgan qurolli harakat» va «g‘ayriinsoniy harakatlar»da aybladi.

«Tojik tomonining „Tojikiston Respublikasiga qarshi qurolli tajovuz“ sodir etishda asossiz ayblovlari Qirg‘iziston Respublikasi zimmasiga mas’uliyat va aybni yuklashning ahamiyatsiz urinishi, deb hisoblaymiz. Tojikiston tomoni Qirg‘iziston Respublikasining mudofaa harakatlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli dezinformatsion kampaniyani boshladi», — deyiladi AKIpress e’lon qilgan bayonotda.

Vazirlikning ta’kidlashicha, Tojikistondan harbiy va muntazam bo‘lmagan tuzilmalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga oid barcha dalillar (foto va video materiallar) mavjud.

Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston hududiy yaxlitlik, davlat chegaralarining daxlsizligi, xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish kabi BMT Nizomi va boshqa xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan fundamental xalqaro tamoyillarni «qo‘pol ravishda buzganini» ta’kidladi.

«Qirg‘iziston Respublikasi Qirg‘izistonning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga xoinlik bilan tajovuz qilgan tojik tomondan farqli o‘laroq, chet el hududini egallab olish maqsadini ko‘zlamay, faqat mudofaa pozitsiyasidan chiqdi, bu esa Tojikistonning hududiy da’volari mavjudligini yana bir bor tasdiqlaydi. Qirg‘iziston tomoni Tojikiston tomonidan Qirg‘iziston Respublikasi hududiga bosqinchilikning istiqbolsiz rejalaridan va chegara hududida vaziyatni keskinlashtirish bo‘yicha ko‘zlangan maqsadlardan voz kechishni talab qiladi», — deyiladi xabarda.

Tashqi ishlar vazirligi «Tojikiston tomonida muntazam bo‘lmagan harbiylashtirilgan guruhlar faol ishtirok etayotganidan» xavotir bildirdi.

«Tojikiston tomonining harakatlari keng ko‘lamli davlatlararo mojaroning boshlanishiga, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatning beqarorlashishiga olib kelishi mumkin», — deya ogohlantirdi vazirlik.

18 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari bilan chegaradagi vaziyatni muhokama qilish uchun muzokara o‘tkazdi.

«Vladimir Putin tomonlarni vaziyatning yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslikka va vaziyatni imkon qadar tezroq faqat tinch, siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal qilish choralarini ko‘rishga chaqirdi hamda Rossiya qirg‘iz-tojik chegara hududida barqarorlikni ta’minlash uchun zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi», — deyiladi Kreml bayonotida.

O‘zbekiston va Qozog‘iston hozircha vaziyatga izoh bergani yo‘q. Taqqoslash uchun, 2021 yil aprelida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qirg‘iz-tojik mojarosiga zudlik bilan javob qaytargan va ertasi kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.