O‘zbekistondagi barcha maktab darsliklarining chorak qismini nashr etish bo‘yicha tenderlarda Toshkent shahar hokimining jiyani Ismoil Isroilov ta’sischisi bo‘lgan Kolorpak bosmaxonasi g‘olib chiqqan. Buni «Gazeta.uz» UzEx Tender tenderlar portalini tahlil qilib aniqladi.

Qancha darslik chop etish rejalashtirilgan?

2022/2023 o‘quv yili uchun Xalq ta’limi vazirligi dastlab 66,6 mln dona darslik, o‘quv-metodik qo‘llanmalar va daftarlar ishlab chiqarishni rejalashtirgan bo‘lsa, keyinchalik bu reja 59,9 mln nusxaga kamaytirildi (2021 yilda 25 mln ga yaqin edi). Prezidentning 11-maydagi qarori (PQ-134) bilan XTVga 2022 yil oxirigacha 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun o‘quv-metodik qo‘llanmalar, darslik va mashq daftarlarini ishlab chiqish topshirildi.

Joriy yilda kitoblarni nashr etish uchun 1,15 trln so‘m (15 sentabrdagi kurs bo‘yicha qariyb 105,4 mln dollar) ajratish rejalashtirilgan edi. Mablag‘larning bir qismi — 605 mlrd so‘mi davlat budjeti hisobidan, qolgan qismi — budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining (549,1 mlrd so‘m rejalashtirilgan edi) joriy moliyaviy yildagi daromadlari hisobidan, jumladan, 283,4 mlrd so‘mi darsliklar uchun ijara to‘lovlari qoplanishi belgilangan edi. Biroq aholining ijara narxining oshishiga qarshi e’tirozlari fonida prezident topshirig‘i bilan u bekor qilindi va xarajatlarni budjet hisobidan qoplashga qaror qilindi.

O‘zbekistonda yetti tilda darslik va daftarlar chop etiladi. Eng katta ulushni o‘zbek tilidagi darsliklar egallaydi. Shuningdek, darsliklar rus, qoraqalpoq, tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida ham nashr etiladi.

Darsliklarni utilizatsiya qilish muddati bo‘lib, undan keyin ular yangilanadi. Utilizatsiya muddati boshlang‘ich sinflar uchun — 3 yil, yuqori sinflar uchun — 5 yil. 2020 yilgacha bu muddatlar mos ravishda 2 va 4 yil edi.

Darsliklarni chop etish narxlari qanday shakllantiriladi?

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktabrdagi (VMQ-239) va 2018 yil 30 martdagi (VMQ-249) qarorlariga asosan umumta’lim muassasalarida umumiy ta’lim fanlari uchun darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlarni nashr etish bo‘yicha xizmatlar narxlari (tariflari) (maxsus tasdiqlangan XTV ro‘yxati bo‘yicha) davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar (xizmatlar) va ularning strategik turlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Darsliklarni nashrga tayyorlagan va mualliflik huquqi egasi bo‘lgan bosmaxonalar tomonidan taqdim etilgan narx-navo hisob-kitobi deklaratsiyadan o‘tkazilgan, darsliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilingan.

Biroq prezidentning 2020 yil 1 sentabrdagi (PQ-4640-sonli) qaroriga muvofiq, davlat buyurtmasi asosida bosma mahsulotlar, shu jumladan, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashrga tayyorlash va chop etish, O‘zbekiston norezidentlari ham qatnashishi mumkin bo‘lgan, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bunda mazkur tartib korporativ buyurtmachilar uchun ham majburiy hisoblanadi.

2020 yil 1 oktabrdan boshlab respublika budjeti mablag‘lari va Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr etishda (qayta nashr etishda) narxlarni davlat tomonidan tartibga solish (rentabellikning cheklangan darajasini belgilash) bekor qilindi.

Xalq ta’limi vazirligidan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, bugun Ta’lim va fan vazirligi buyurtmasiga ko‘ra konsalting kompaniyasi bozorni o‘rganib, darsliklarni nashr qilish uchun eng past narxni aniqlamoqda. Masalan, turli bosmaxonalarda darslik uchun 40, 35, 30, 28 va 25 ming so‘mdan narx takliflari berilsa, korxona 25 ming so‘mlik narxni tanlaydi.

Aniqlangan narxlar va ular bo‘yicha hujjatlar Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi markazga ekspertiza uchun taqdim etilib, narxlar va korxonalarga qo‘yiladigan talablar qayta ekspertizadan o‘tkaziladi. Markaz narxni pastga qarab qayta ko‘rib chiqishi mumkin, keyin esa xulosa beradi.

Shundan keyin buyurtmachi boshlang‘ich (maksimal) qiymati ko‘rsatilgan holda tanlov haqida e’lon beradi, so‘ngra autsion g‘olibi UzEx Tender portali orqali bir qator mezonlar bo‘yicha aniqlanadi.

2022 yilda kim g‘olib chiqqan edi?

Xalq ta’limi vazirligi «Gazeta.uz»ga jadvaldagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tasdiqladi.

Darsliklarni nashr etish bo‘yicha tenderlar o‘tkaziladi. Agar 2021 yilda XTV 12 ta firma bilan darsliklarni ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar imzolagan bo‘lsa, 2022 yilda ularning soni 22 taga yetdi, deya qayd etdi vazirlik.

Yil boshidan buyon vazirlik tomonidan bosmaxonalar bilan 964 mlrd so‘mlik 77 ta shartnoma tuzilgan bo‘lib, ularda darsliklarni chop etish bo‘yicha eng qulay narxlar taklif etildi. Bugungi kunda umumiy adad 53,57 mln donani tashkil etmoqda. Darsliklarning qolgan hajmini (6,33 mln ga yaqin) ishlab chiqarish bo‘yicha tenderlar yil oxirigacha davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratgan holda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Kolorpak kompaniyasi 13,9 mln dona darslik, o‘quv qo‘llanmalari va daftarlarni nashr etishga buyurtmalarni qo‘lga kiritdi, bu umumiy tirajning 26 foizini tashkil etadi. Bitimlarning umumiy summasi — 259,75 mlrd so‘m.

Ikkinchi o‘rinni O’zbekiston davlat nashriyot-matbaa ijodiy uyi egalladi. Ushbu bosmaxona bilan umumiy hajmining 13,5 foizi yoki 7,22 mln dona darslik ishlab chiqarish bo‘yicha 16 ta bitim tuzilgan. Bitimlar summasi — 118,65 mlrd so‘m.

Shu bilan birga, O’zbekiston yana 9 ta tenderda g‘olib chiqdi, qolgan 7 ta bitimni esa «narx deklaratsiyasi» orqali qo‘lga kiritdi. Ushbu bosmaxona Brayl shriftidagi darsliklar hamda Klett nashriyotining nemis tili darsliklari huquqiga egasi hisoblangani sababli to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitim tuzish vakolatiga ega, biroq narxlar Moliya vazirligi orqali tekshiruvdan o‘tkaziladi, deya aniqlik kiritdi XTV,

Uchinchi o‘rinda 4 ta tenderda 61,87 mlrd so‘mlik 3,95 mln dona darslik chop etish huquqini qo‘lga kiritgan Standard Poligraf Service kompaniyasida. Keyingi o‘rinda Imperial Print bilan 64,26 mlrd so‘mlik 3,62 mln dona darslik ishlab chiqarish bo‘yicha 4 ta bitim tuzilgan.

Birinchi beshlikni Yangiyul Poligraph Service egalladi — 48 mlrd so‘mlik 3,42 mln dona darslik, daftar va o‘quv qo‘llanmalarini nashr etish bo‘yicha 4 ta bitim.

2021 yil oxirida Kolorpak 2022/2023 o‘quv yilida birinchi sinf uchun 1,45 mln dona «Alifbe» darsligi va yozuv daftarini ishlab chiqarish bo‘yicha ikkita tenderda g‘olib chiqdi. Bitimlar qiymati — 6,76 mlrd so‘m.

Xuddi shu hajmdagi tabiiy fanlar va musiqa daftarlari uchun ikkita lotni O’zbekiston qo‘lga kiritdi va u o‘z xizmatlari uchun 6,2 mlrd so‘m taklif qildi.

O‘tgan yil oxirida Yangiyul Poligraph Service 728,2 ming dona matematika daftarini chop etish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Bitim summasi — 2,33 mlrd so‘m.

2021 yilgi tenderlar g‘oliblari

2021 yilda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tenderlar bo‘yicha 28,49 mln dona darslik, daftar va o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqarish bo‘yicha 185 mlrd so‘mlik 46 shartnoma imzolandi.

Kolorpak o‘tgan yiligi ham g‘olib chiqilgan lotlar bo‘yicha yetakchi edi. Jumladan, korxona tomonidan 7,97 mln dona (jami adadning 28 foizi) darslik, daftar va o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqarish bo‘yicha 50 mlrd so‘mlik 11 ta bitim tuzildi.

Ikkinchi o‘rinni 32,3 mlrd so‘mga 6,26 mln (22 foiz) adad bilan Yangiyul Poligraph Service egalladi.

«O‘zbekiston» davlat nashriyoti va Nogironlar jamiyati mos ravishda 4,64 va 2,2 mln dona darsliklar bilan uchinchi bo‘ldi. Beshinchi o‘rinni 2,19 mln dona darslik bilan Eco My Life RUZ kompaniyasi egalladi.

O‘sha yili Nogironlar jamiyati va O‘zbekiston nogironlar uyushmasi qoshidagi Eco My Life RUZ unitar korxonasi bilan belgilangan kvotalar doirasida shartnomalar tuzildi.

Kolorpak kompaniyasi haqida

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi qarori bilan UNICON.uz DUKning «O‘qituvchi» nashriyot-poligrafiya ijod uyi sexi joylashgan Yunusobod tumanidagi Yangi Shahar ko‘chasi 1A uydagi binosi hududi bilan birgalikda Kolorpak kompaniyasiga «nol» qiymatdagi narxda, 15 mln yevro, shuningdek, 5 mlrd so‘m investitsiya kiritish va 200 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan topshirildi.

«Gazeta.uz» 2020 yil iyunida Kolorpak o‘quv yili boshlanishiga 2,5 oy qolganda maktablarning 1−9-sinflari uchun yangi «Tarbiya» fanidan 6 mln nusxada yangi darslik hamda 5 va 8−9-sinflar uchun «Informatika va axborot texnologiyalari» darsligi va o‘quv-metodik qo‘llanmalarini chop etish huquqini qo‘lga kiritgani haqda yozgan edi. Boshqa nashriyotlar bilan tuzilgan barcha shartnomalar bekor qilindi va oldindan to‘lov qaytarildi yoki boshqa fanlarni nashr qilish uchun qayta taqsimlandi (ba’zi bosmaxonalarda musiqa, ona tili va boshqalar bo‘yicha darsliklar chop etildi). Keyinchalik bosmaxonalar Kolorpak bilan shartnomalar tuzishga majbur bo‘ldi.

2021 yil avgust oyida Kolorpak «O‘qituvchi» nashriyotining davlat ulushini sotib olish bo‘yicha kim oshdi savdosida g‘olib chiqdi. Bitim qiymati 22,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Kompaniya investitsiya majburiyatlarini ham oldi.

Joriy yilning avgust oyi boshida Kolorpak va «O‘qituvchi» bosmaxonalari negizida yaratilgan matbaa majmuasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur bosmaxonada Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirliklari uchun 15 mln donadan ortiq o‘quv qo‘llanmalar tayyorlanayotganini kompaniya iqtisodchisi-tahlilchisi Isroil Bulanov UzReport TVga bergan intervyusida ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, korxonaga 15 mln dollarlik asbob-uskunalar olib kelingan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, Kolorpak bosmaxonasi 2005 yil yanvar oyida ro‘yxatga olingan. Shuhrat Yakubjanovich Ahmedov (36,7 foiz), Ismoil Irkinovich Isroilov (36,7 foiz) hamda ta’sischilari Ahmedov va Isroilov (har biri 50 foizdan) bo‘lgan Zo’r TV (26,6 foiz) kompaniya ta’sischilari ta’sischilari hisoblanadi.

Shuhrat Ahmedov «Vodiy sadosi» radiostansiyasi raisi bo‘lib, «Tasvir» nashriyotining 65 foizi («Tasvir» jurnali, «Optovik» haftaligi), jurnal va davriy nashrlarni chop etuvchi East Star Media 33 foiz ulushga ega (boshqa ta’sischisi — Firdavs Abduxoliqov). U 2018 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Ismoil Isroilov Discover Invest (56,9%) va boshqalar ulushlariga ega. Ilgari Akfa Engineering and Management kompaniyasida direktor va direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. U, Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jiyani.

Boshqa bosmaxonalar haqida

Standard Poligraf Service 2010 yil fevral oyida ro‘yxatga olingan. Ta’sischilari — Shuhrat Nigmatjanovich Sadikov (58,3%), Lazokat Valiyevna Gaziyeva (39%) va Maxmud Nabiyevich Agzamov (2,7%). Poligrafiya tovar belgisi tadbirkor Baxromjon Valiyevich Gaziyevga tegishli bo‘lib, u O‘zbekiston ot sporti va ot sporti federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi, shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi. SPS asosan umumiy ovqatlanish, savdo va oziq-ovqat sanoatidagi xususiy kompaniyalar bilan ishlagan.

Imperial Print poligrafiya markazi 2017 yil may oyida tashkil etilgan. Kompaniya Ziyodulla Xayrulla o‘g‘li Xabibullayev (53,4%) va Murodjon Shavkatovich Yo‘ldoshev (46,6%)ga tegishli.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Yangiyul Poligraph Service 1991 yil sentabr oyida ro‘yxatga olingan. Asosiy egalari — Zuxra Zilemxanovna Jurayeva (49,3%) va Rustam Suleymanovich Xudayqulov.

Xususiy kompaniyalar kelishidan oldin vaziyat qanday edi?

2017−2018 yillarda darsliklar asosan «O‘zbekiston», «Sharq», G‘afur G‘ulom, «O‘qituvchi», «Chulpon» davlat nashriyotlari hamda Yangiyul Poligraph Service xususiy korxonasi tomonidan chop etilgan.

2019 yilda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshidagi «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi ikki tuzilmaga: bosmaxona va nashriyotga ajratildi, nashriyot negizida ilmiy-uslubiy nashriyot markazi ochildi.

Markazni tashkil etishdan maqsad maktabgacha ta’lim, davlat hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan birgalikda qo‘shimcha ta’lim tizimida yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish deb ataldi. Ammo 2020 yil iyun oyida uning tugatilayotgani haqida ma’lum bo‘ldi.

Davlat rahbarining 2020 yil 7 noyabrdagi qarori bilan Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markaziga vazirlik buyrug‘i asosida mualliflar va tuzuvchilarni tanlash, shuningdek, o‘qituvchilar uchun darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning yagona maketini yaratish vakolati berildi.

2020 yildan boshlab darsliklar nashr etish sohasidagi vaziyat o‘zgardi. Sobiq xalq ta’limi vaziri (hozirda axborot texnologiyalari vaziri) Sherzod Shermatov 2021 yil yanvar oyida Kun.uz nashriga bergan intervyusida nashriyotlar kuchliroq bo‘lishi kerakligi hamda ular darsliklarning tayyor maketlari va ularning elektron versiyasi bilan kelishi kerakligini ta’kidlagan edi.

«Avvallari darsliklar maketlarini tayyorlash va nashr etish bitta jarayon edi. Masalan, mana bu darslikni „Cho‘lpon“ nashriyot uyi chiqargan va u maketga egalik huquqi sohibi ham edi. Agar ertaga kimdir kitobni chop etmoqchi bo‘lsa, „Cho‘lpon“ mualliflik huquqi sababli bunga yo‘l qo‘ymagan. Shuning uchun bunday sifatda ishlashga rozi bo‘lishga to‘g‘ri kelgan», — dedi u.

Bundan tashqari, mamlakatda konvertatsiya ochilgunga qadar darsliklarni chop etish bilan faqatgina davlat nashriyotlari shug‘ullangan va ular «o‘zlarining o‘rtasida tender o‘tkazishgan», dedi Sherzod Shermatov.

Xususiy nashriyotlar kelishi bilan darsliklar sifati ham o‘zgardi: qog‘ozlar qalinroq, ranglar yorqinroq bo‘ldi. XTVning sobiq rahbari davlat yoki xususiy nashriyotlar o‘rtasida tanlov emas, balki o‘quvchilar uchun sifatli darsliklarni yaratish masalasi ustuvor hisoblanadi.

Shuningdek, u endilikda ikkita alohida — darsliklar maketini tayyorlashga va ularni chop etishga tender o‘tkazilishini qayd etdi.

Darsliklarni tayyorlash jarayonidagi «mafiyalar» to‘g‘risida

Sherzod Shermatov dasrliklarni yaratish bilan bog‘liq «mafiyalar»ga qarshi kurash to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Bu oson emas. Mafiyaga aralashib qolgan muallifni chiqarib tashlab, o‘rniga boshqa mualliflarni jalb qiladigan bo‘lsak, u muallif yangi chiqqan darslikni oladi-da qayeridadir noto‘g‘ri joyini chiqarib: „Mana, noinsoflar shunday yaxshi darslikni tashlab, yangi mana bunaqa [xatolari bor] darslik chiqarishibdi“, — deydi. Odamlarning o‘rtasida yana janjal ko‘tarishga harakat qiladi. Bu oson ish emas, lekin bu bo‘yicha ish boshlangan», — dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda yangi mualliflarni obro‘sizlantirish maqsadida hali nashr etilmagan darsliklarning feyk rasmlari tarqatildi, degan edi sobiq xalq ta’limi vaziri.

Ushbu muammoga qarshi tizimli kurashish uchun u darsliklarni chop etish endilikda «imkon qadar faqat tenderlar orqali» amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Navbatdagi o‘quv yili boshlanishida yangi maktab darsliklari mualliflari darsliklardagi xatolar va ularning sifatsizligi haqidagi xabarlar internetda tarqalib ketgani uchun prezidentga murojaat qilib chiqishdi. Ular darsliklarning ekspertizadan o‘tkazilishiga qarshi emasliklarini, biroq, ularga ko‘ra, «bahoni o‘z biznes manfaatlarini ko‘zlagan odamlar va mansabdor shaxslar bermasligi kerak», deb ta’kidladilar.

Bir kun avval «Gazeta.uz» yangi darsliklardagi asosiy o‘zgarishlar tahlilini e’lon qildi. Mualliflarning ta’kidlashicha, yangi o‘quv qo‘llanmalarining o‘ziga xos jihati shundaki, ular nafaqat mavzuni o‘rganish, balki muloqot ko‘nikmalarini, tanqidiy fikrlashni, izlanish va muammoni hal etishni rivojlantirishga ham qaratilgan.