O‘zbekiston va Isroil davlatlari o‘rtasida tuzilgan o‘zbekistonlik ishchilarni vaqtinchalik ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi bitim tasdiqlanishi mumkin. Bu haqda prezidentning qaror loyihasi e’lon qilindi.

Ushbu bitim imzolangan taqdirda, Isroilda ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun quyidagilar ta’minlanadi:

  • odam savdosi, noqonuniy migratsiya, hujjatsiz va qonunga zid ravishda ishchi kuchini jalb qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi;
  • ishga qabul qilish jarayonining shaffof amalga oshirilishi uchun hamda Isroil Davlatida ishlashda hech qanday noqonuniy to‘lovlar olinmasligi choralari ko‘riladi;
  • bitim doirasida tanlangan fuqarolarimizga ishchi viza berilishi navbatsiz va to‘siqlarsiz kafolatlanadi;
  • yiliga 8 000 tagacha bo‘sh ish o‘rni kvota sifatida ajratiladi va boshqa bir qator qulayliklar yaratiladi.

Shu bilan birga, bitimni amalga oshirish bayonnomasiga muvofiq birinchi bosqichda O‘zbekiston fuqarolarini qariyalar va nogironligi mavjud shaxslarni parvarishlash yo‘nalishi bo‘yicha ishga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Keyingi bosqichlarda fuqarolarni qurilish va boshqa sohalarga jalb qilish Isroil tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, bitimning kuchga kirishi mavjud qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni hamda davlat budjetidan moliyaviy xarajatlarni talab etmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 25−27 iyul kunlari mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Isroilda ishchi tashrif bilan bo‘lgandi.

Tashrif davomida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida o‘zbekistonlik ishchilarni Isroil mehnat bozoridagi maxsus sektorlarda vaqtinchalik ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi bitim va ushbu bitimni amalga oshirish bayonnomasi imzolangandi.

Hujjatlar tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishga qaratilgan va O‘zbekiston fuqarolarini Isroilda tashkiliy, xavfsiz va qonuniy mehnat olib borishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.