Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi mojaro davlatlar prezidentlari o‘t ochishni to‘xtatish, kuch va vositalarni to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga kelishib olganiga qaramay, davom etdi.

Qirg‘iziston

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 22:30 (Toshkent vaqti bilan) holatiga ko‘ra, chegarada vaziyat keskinligicha qolmoqda.

«Tojikiston tomonidan Qirg‘iziston tomoni pozitsiyalarini o‘qqa tutish davom etmoqda, ayrim hududlarda shiddatli janglar bo‘lib o‘tmoqda. Soat 22:20da tojikistonlik harbiy xizmatchilar Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Tamdiq chegara postini o‘qqa tuta boshladi. Tojikiston hududiga qo‘shimcha kuch va vositalar, og‘ir va avtomobil texnikasi olib kelinayotgani qayd etilgan», — deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston chegarasidagi Leylek va Botken viloyatlari qarshisidagi chegara hududlarida «Tojikiston tomoni kuch va vositalarni qayta to‘plamoqda».

«Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Botken viloyatida joylashgan Chegara qo‘riqlash xizmati shaxsiy tarkibi dushman hujumlarini qaytarishda davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar natijasida 87 nafar jabrlanuvchi sog‘liqni saqlash muassasalariga yotqizilgan, ulardan 5 nafari ambulator davolanishga yuborilgan. Vazirlik xabariga ko‘ra, jabrlanganlar tanasining turli qismlaridan oskolkalar va o‘q jarohatlari olgan.

Foto: Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, soat 20:00 da mojaro joyidan 136 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. Ular Botken viloyati, Botken shahri, Leylek viloyati, Razzoqov shahri aholisidir.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev harbiylar orasida katta yo‘qotish borligini tan oldi.

«Bizning yo‘qotishlarimiz asosan harbiy xizmatchilar orasida bo‘ldi. Biz raqamni aniqlaymiz, ammo, afsuski, juda ko‘p yo‘qotishlar, shuningdek, yaradorlar ham bor. Tinch aholi orasida qurbonlar esa kamroq, chunki biz ularni o‘z vaqtida evakuatsiya qildik», — dedi u.

Tarmoqda O‘zbekiston aholisi o‘tib ketayotgan qirg‘izlarga non tarqatayotgani aks etgan video ham paydo bo‘ldi. 24.kg o‘quvchisining xabar berishicha, Botken-O‘sh yo‘li o‘qqa tutilganidan keyin O‘zbekiston o‘zining So‘x anklavidan yo‘lak ajratgan.

«Bizning raqamlar (Qirg‘iziston davlat raqamlari — tahr.) bo‘lgan mashinalar o‘tib ketayotsa, O‘zbekiston fuqarolari ularni to‘xtatib, suv va non berishgan», — dedi u.

Tojikiston

Ikki davlat xavfsizlik kuchlarining birinchi rahbarlarining uchrashuvi va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga qaramay, oradan bir yarim soat o‘tib qirg‘iz tomoni B.Gafurov tumanining Ovchi-Kal’acha hamda va Isfara shahrining Vorux va Chorkuh mahallalari yo‘nalishlarida yana o‘q uzishni boshladi, deya xabar beradi Tojikiston chegara xizmati.

«Qirg‘iz tomoni QR Botken viloyati markazidan Tojikiston bilan chegaradosh viloyatlarga qo‘shimcha kuch va vositalarni o‘tkazmoqda. Qirg‘iziston tomonining jangovar vertolyotlar va uchuvchisiz uchish uskunalari yordamida Tojikiston fuqarolarining turar-joylari va fuqarolik obyektlariga hujum qilayotgani xavotir uyg‘otadi», — deyiladi xabarda.

«Asia-Plyus» nashri mahalliy aholiga tayanib, bir necha kishi qirg‘izistonlik uchuvchisiz uchoq hujumi qurboni bo‘lganini qayd etdi.

«O‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xabarlardan so‘ng, mahalla ahli ko‘chaga chiqdi va o‘sha paytda qirg‘iz droni odamlarga hujum qildi. Oqibatda 10 dan ortiq kishi jarohatlangan. Uchuvchisiz uchish uskunasidan turar-joy binolari va fuqarolik infratuzilmasiga havo zarbalari berilmoqda», — deydi aholi.

Tojikiston hozircha chegaradagi mojaroda qurbonlar va jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan, biroq mahalliy matbuotga ko‘ra, 7 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan.

Avval xabar berganimizdek, 16 sentabrga o‘tar kechasi qirg‘iz-tojik chegarasida vaziyat yana keskinlashgan. Ma’lum qilinishicha, chegaraning butun perimetri bo‘ylab qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Qirg‘iziston og‘ir harbiy texnikadan foydalangan holda chegara va fuqaro obyektlariga hujum uyushtirilganini, Tojikiston esa chegaradagi qishloqlar minomyotdan bombardimon qilinganini e’lon qildi.