O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim qildi.

“Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo‘lgan makonda yashaydigan xalqlar o‘rtasida ma’naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo‘lib kelgan. Asrlar davomida bu yerda turli sivilizatsiyalar vakillari o‘rtasida samarali muloqotning o‘ziga xos madaniyati yaralgan. Samarqand — biz SHHTni tuzishda asos qilib olgan bag‘rikenglik va turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namunadir”.

“Hozirgi kunda geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyat va bahslardan xoli bo‘lgan bunday muloqot favqulodda zarurdir. Shu bois bugun O‘zbekiston sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etishdan mamnundir”, — dedi davlat rahbari.

“Bu tashabbusning maqsadi — bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, „Samarqand ruhi“ tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir”, — deya tushuntirdi Shavkat Mirziyoyev.

“Uning amaliy ijrosiga doir masalalarni siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida kelgusi yili Samarqand xalqaro forumida birgalikda ko‘rib chiqishni taklif etamiz”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Davlat rahbari sermazmun Harakatlar dasturi forum ishining asosi bo‘lishini ta’kidladi.

“Sizlarning keng qo‘llab-quvvatlashingizga va tashabbusimizni targ‘ib qilishdagi ishtirokingizga umid qilaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev hamkasblariga.

Samarqand birdamligi qanday tashabbus?

Samarqand birdamligi tashabbusining asosiy maqsadi xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, barcha manfaatdor davlatlarni sivilizatsiyalararo global muloqotga jalb etish, kelishilgan yondashuv va yechimlarni izlash, ishonchni mustahkamlash, global keskinlik, noaniqlik va oldindan aytib bo‘lmaydigan holatlarni bartaraf etishdan iborat.

O‘zaro hamkorlikning ushbu formati dunyo davlatlari va xalqlarining madaniy, sivilizatsiyaviy, millatlararo, dinlararo o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish orqali mavjud qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarni yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan.

Kutilganidek, yangi muloqot formati barcha darajalarda ishonchni mustahkamlash, har xil sohalarda turli ijtimoiy guruhlar, madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish, inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilishga xizmat qiladi.