O‘quv yili boshida ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi narxlari oshgani haqidagi shikoyatlar paydo bo‘ldi. (Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, darsliklar ijarasi narxlari Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.) Xalq ta’limi vazirligi narxlarning ko‘tarilganini jahon bozorida qog‘oz narxining keskin oshgani va qog‘ozni mamlakatga yetkazib berish uchun transport xarajatlari oshishi bilan izohladi. Prezidentning darsliklarni bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan bergan topshirig‘idan so‘ng XTV maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovlar bekor qilinishini bildirdi.

Ijara narxlaridan boshlangan muhokamalar o‘quv dasturlari va darsliklarni ishlab chiquvchi Respublika ta’lim markazi (RTM) va shaxsan RTM direktori Shuhrat Sattorov faoliyati muhokamasiga aylanib ketdi. (RTM darsliklarning asl maketlarini tayyorlaydi, ularni nashr etish (ko‘paytirish) esa XTV tomonidan o‘tkazilgan tenderlarda g‘olib bo‘lgan nashriyotlar tomonidan amalga oshiriladi. RTM o‘quv qo‘llanmalari va darsliklarni nashr etmaydi, ularning narxini belgilamaydi.) RTMga qarshi «axborot kampaniyasi»da ayniqsa kompromatuzb anonim telegram kanali faol bo‘ldi.

21 avgust kuni prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov o‘zining Feysbuk-sahifasida o‘zbek maktablari bitiruvchilariga qo‘yilgan talablarni sanab o‘tar ekan, Sardor Umrzoqov boshchiligidagi komanda prezidentdan bu yo‘nalishda aniq topshiriq olgani va ishlar boshlanganini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, u gap qaysi ta’lim dasturi haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi: davlat rahbarining 2022 yil 11 maydagi qarori bilan 2022−2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida to‘liq joriy qilinishi belgilangan Milliy o‘quv dasturi to‘g‘risidami yoki boshqa, mutlaqo yangisi to‘g‘risida?

Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqishga BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xalqaro ekspertlari jalb qilindi, dasturning o‘zi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida bir necha bosqichlarda muhokamadan o‘tdi hamda inspeksiya tomonidan Ta’lim uzluksizligini ta’minlash konsepsiyasiga kiritildi.

Xullas, 31 avgust kuni «aniq topshiriq» olingani va «ish boshlangani» ma’lum qilingan bo‘lsa, 5 sentabr kuni Komil Allamjonov «barcha maktab darsliklarini kompleks tekshiruvdan o‘tkazish, ulardagi mavjud xato va kamchiliklarni aniqlash, sifatini yaxshilash bo‘yicha» katta ishchi guruh tuzilganini e’lon qildi. Ertasi kuni u «maktab ta’limi sifatiga befarq bo‘lmagan har kimdan bu boradagi muammolar, ularning yechimi haqida takliflar»ni yuborishni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «to‘rt soat ichida pochtaga 1278 ta murojaat kelib tushgan va bu ko‘rsatkich har daqiqada oshib bormoqda».

Darslik muhokamasiga boshqa taniqli shaxslar ham qo‘shildi. Jumladan, Fayzbog‘ telegram-kanali muallifi (Temur Malik), shuningdek, blogerlar Nurbek Alimov va Ali Kaxxarov mashhur tadbirkor Murod Nazarov haqidagi ma’lumotlarning darslikka kiritilgani haqida yozdi. Taniqli jamoat arbobi va bloger Aziza Umarova darsliklarni kraudsorsing orqali qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi: uning fikricha, «chet tilini bilmaydigan, Future of jobs/kasblarning kelajagi (shu nomdagi an’anaviy anjuman — tarj.)ni to‘liq tushunmaydigan, xorijdagi ta’lim tizimini ko‘rmagan odamlar 2022 yilda o‘tirib, mustaqil ravishda yaxshi narsa yaratgan bo‘lishlari dargumon». (RTM ma’lumotlariga ko‘ra, darsliklarni yozish yoki ularni ekspertizadan o‘tkazish uchun jalb qilingan mutaxassislarning aksariyati xorijda o‘qishgan, YUNISEF tomonidan jalb qilingan xalqaro ekspertlar esa jarayonda maslahatchi sifatida ishtirok etishgan.

Ushbu maqola tayyorlanayotgan bir paytda, 14 sentabr kuni kompromatuzb anonim kanali ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarning 2-sinflari uchun «Ona tili va o‘qish savodxonligi» darsligidan (2021 yilda Milliy o‘quv dasturiga o‘tish doirasida nashr etilgan) sahifalaridan birini e’lon qilib, o‘quvchilardan «Katta bo‘lsam, Nobel olaman» mavzusida hikoya yozishlari so‘ralgan vazifaga e’tiborni qaratadi. Kanal muallifi «Nobel haqida 2-sinf o‘quvchisida tushuncha onasini qornida paydo bo‘lganmi?!» degan savolni ko‘tardi.

RTM matbuot xizmatining tushuntirishicha, mazkur sahifa Nobel mukofotiga bag‘ishlangan bo‘limning yakunidir. Ungacha o‘quvchilar Nobel mukofoti haqidagi audio matnni tinglaydilar, matnga oid topshiriqlar ustida ishlaydilar va hikoya yozish mazkur mavzu bo‘yicha oldingi topshiriqlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Darslik muallifi Iroda Azimova o‘zining Feysbuk-sahifasida bu kabi topshiriqlardan ko‘zlangan maqsad bolalarda ilmga qiziqish uyg‘otish ekanini tushuntirib, bunday ig‘volardan charchaganini ta’kidladi. U Sherzod Shermatov (sobiq xalq ta’limi vaziri, o‘sha paytda vazir yangi darsliklar yaratish jarayonini boshlagan edi) va XTVning amaldagi rahbariyati vakillarini vaziyatga munosabat bildirishga chaqirdi.

Muhokamalar fonida yangi maktab darsliklari mualliflari prezidentga murojaat qilib chiqishdi. Ular darsliklarga zamonaviy metodikani, metodikadagi zamonaviy tendensiyalarni hozirgi zamon bolasiga nimani qanday o‘rgatish kerakligini tushunadigan mutaxassislar, xolis ekspertlar baho berishlarini so‘rashdi. Yurist va bloger Xushnudbek Xudayberdiyev bunday qadamni «straxovka» deb atadi va «Qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar» maqolini eslab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, darsliklarning aksariyati talabga javob bermaydi va yangilanishi kerak.

RTM ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Milliy o‘quv dasturiga o‘tish doirasida 6, 7 va 10-sinflar uchun darsliklar tayyorlandi. «Gazeta.uz» darslik mualliflariga murojaat qilib, bir nechta darsliklar — til va adabiyot darsliklari misolida ushbu darsliklarda nima o‘zgargani va nima sababdan o‘zgarganligini tushuntirishlarini so‘radi. Darsliklarning elektron variantlari RTM kanaliga joylashtirilgan.

RTM bo‘lim mudiri Barnoxon Tursunaliyeva hamda adabiyot bo‘yicha darsligi muallifi, filologiya fanlari doktori Zulxumor Mirzayeva til va adabiyot darsliklariga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida so‘zlab berishdi.

Darsliklardagi o‘zgarishlar

Ona tili: Qanday edi?

Ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, o‘qituvchilarning «Ma’rifat» gazetasi o‘quvchilarining telegram guruhida o‘zbek maktablari uchun ona tilidan yangi darsliklar qizg‘in muhokama qilinmoqda. Muhokama ishtirokchilaridan ba’zilari «ona tili fani o‘z mohiyatini yo‘qotib, turli fanlar qorishmasiga aylanib qoldi», deb noliydi. Darhaqiqat, masalan, o‘zbek maktablarining 6-sinfi uchun ona tili darsligining mundarijasiga e’tibor qaratsangiz, odatiy mavzular, masalan, «Fe’l», «Fe’lning shaxs-son, zamon shakllari», «Sifatdosh» o‘rniga «Til — muloqot vositasi», «Global isish», «Eksport-import», «Soliqlar», «Raqamli dunyo» kabi mavzularni ko‘rishingiz mumkin.

Avvalgi ona tili darsliklari tilning tuzilishiga oid tizimli qoidalar va bu qoidalarning yod olinishini ta’minlovchi mashqlardan iborat edi.

Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarning 6-sinflari uchun ona tili darsligi mundarijasi (2017 yil).

Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarning 6-sinflari uchun «Ona tili» darsligidagi (2017 yil) mavzulardan biri. O‘quvchilar fe’l turlarini ajratishni o‘rganadilar.

Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarning 6-sinflari uchun «Rodnoy yazыk» darsligidagi (2017 yil) mavzulardan biri.

Nimalar o‘zgardi?

1. Darsning (yoki darslar ketma-ketligidan iborat mavzuning) asosiy o‘zagini avvalgidek grammatik qoida emas, balki matn tashkil etadi. Matnlar mavzu, uslub (badiiy, axborot, publitsistik, ilmiy-ommabop va boshqalar) hamda shakl (to‘liq matn, infografika, jadvallar, diagrammalar va boshqalar) jihatdan turlicha bo‘lishi mumkin.

2. Mashqlar matn asosida tuzilgan va o‘quvchilarda quyidagi ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan:

— matnni tushunish ko‘nikmalari;

— matn yaratish ko‘nikmalari (yozma yoki og‘zaki);

— tanqidiy va ijodiy fikrlash, shuningdek, tadqiqotchilik ko‘nikmalari;

— til qoidalarini o‘zlashtirish.

3. O‘rganiladigan til qoidalari tizimli tarzda (fonetika va leksikologiyadan morfologiya, sintaksis va uslubiyatgacha) emas, balki matnlar asosida (matnda uchrashiga qarab) beriladi. Aksariyat hollarda qoidalar ixcham, ortiqcha terminologiyadan xoli tarzda beriladi.

Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarning 6-sinflari uchun ona tili darsligi mundarijasi (2022 yil).

Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarning 6-sinfi uchun «Ona tili» darsligidagi (2022) bir mavzudan parchalar . Bolalar a) infografikani tushunishni, b) mavzuga oid atamalarni tushunishni, v) taqdimot qilishni o‘rganadilar.

Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarning 7-sinfi uchun «Russkiy yazыk» darsligidagi (2022) bir mavzudan parchalar. Matn asosida bolalar a) mavzu bo‘yicha o‘z fikrini bildirishni, b) bog‘lovchi va tinish belgilaridan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganadilar.

Nima uchun?

Ona tili bo‘yicha milliy darsliklarda ustun bo‘lgan tilning tuzilishini (fonetika, leksikologiya, morfologiya, sintaksis, stilistika) izchil o‘rganish tilshunoslik bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar uchun zarurdir. Biroq tilshunos kadrlar tayyorlash umumta’lim maktabining vazifasi emas. Maktabdagi til ta’limining (ona tili va boshqa tillarning) vazifasi o‘quvchini turli muloqot vaziyatlarida tildan to‘g‘ri va samarali foydalanishga o‘rgatishdir. Buning uchun o‘quvchi quyidagi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak:

— hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan og‘zaki, yozma va vizual matnlarning har xil turlarini tushunish;

— o‘z fikrlarini boshqalarga yetkazish uchun matnlar (og‘zaki, yozma, vizual) yaratish va dialogda (polilogda) qatnashish;

— axborotni qidirish, topish, solishtirish va tahlil qilish.

Rus va o‘zbek tillari (ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun)

Qanday edi?

Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun rus va o‘zbek tillari darsliklari ham til tuzilishini (fonetika, morfologiya, sintaksis) tizimli o‘rganish asosida qurilgan edi. Matn va mashqlar asosan grammatikaga oid mavzularni o‘rganishga xizmat qilgan.

Ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 6-sinfi uchun «O‘zbek tili» darsligi sahifalari (2017).

Ta’lim o‘zbek va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 7-sinfi uchun «Rus tili» darsligi sahifalari (2017).

Nima o‘zgardi?

Darslar kommunikativ mavzu asosida qurilgan bo‘lib, uning asosida tegishli daraja uchun leksika va grammatikasi mos bo‘lgan matn (dialog) tanlanadi. Ushbu matn til ko‘nikmalarini (o‘qilgan yoki eshitilgan matnni tushunish, og‘zaki yoki yozma muloqot) rivojlantirish hamda leksika va grammatikani o‘rganish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 6-sinfi uchun «O‘zbek tili» darsligida bir mavzudan parchalar (2022). Bolalar a) o‘zini va boshqalarni tanishtirish, b) ayrim so‘zlarni to‘g‘ri ishlatishni o‘rganadilar.

Ta’lim o‘zbek va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 5-sinfi uchun «Rus tili» darsligida bir mavzudan parchalar (2022). Bolalar a) dars haqida gapirishni, b) fe’lning o‘tgan zamon shaklini to‘g‘ri ishlatishni o‘rganadilar. RTM ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi darsliklar rus tilini chet tili sifatida o‘qitish metodikasi asosida yaratilgan va A. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tayyorlangan.

Nima uchun?

Ona tili bo‘lmagan tilni o‘qitishda kommunikativ yondashuv o‘quvchiga hatto cheklangan leksika (lug‘at boyligi) va grammatika doirasida ham tilni tushunish va muloqot qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, leksika va grammatikani kontekstda (matn bilan bog‘liq holda) o‘rganish ularni yaxshiroq o‘zlashtirishga yordam beradi.

Darvoqe, shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan «muammo» — ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun o‘zbek tili darsligiga tadbirkor Murod Nazarov haqidagi matnning kiritilgani haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tish joizdir. Tillarni o‘qitish metodikasida «autentik material» degan tushuncha mavjud. Tillarni o‘qitishning zamonaviy usuli o‘quvchini real vaziyatlarda tildan foydalanishga tayyorlashni maqsad qiladi va buning uchun real hayotdan olingan turli xil materiallardan foydalanishni tavsiya qiladi.

Ommaviy axborot vositalaridagi matnlar, xaritalar, chiptalar, reklamalar, ko‘rsatmalar — til foydalanuvchisi real hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan barcha narsalar «autentik material», ya’ni haqiqiy hayotdan olingan material bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Bunday materiallar til ko‘nikmalarini mashq qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun o‘zbek tili darsligida Murod Nazarov haqidagi matn o‘qib tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun autentik material sifatida ishlatilgan. Bunday autentik materiallarga misol tariqasida darslik mualliflari Kembrij ingliz tili darsligidagi Simpsonlar haqidagi yoki Germaniyada nashr etilgan nemis tili darsligidagi Shvarsenegger haqidagi matnlardan misollar keltirdilar. Mana bu ro‘yxatda yangi darsliklarga kiritilgan mashhur shaxslar nomi keltirilgan.

Adabiyot

Qanday edi?

Adabiyot darsliklari asosan «yozuvchining tarjimai holi — asari (yoki undan parcha) — o‘qilgan asar haqidagi maqola — savol va topshiriqlar» tamoyili asosida qurilgan edi. Ushbu yondashuv o‘quvchilarda asarni mustaqil tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishni ko‘zda tutmaydi, chunki asar haqidagi maqolada asarning «to‘g‘ri tahlili» berilgan bo‘ladi.

Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarning 6-sinfi uchun «Adabiyot» darsligidagi bir mavzudan parchalar (2017).

Nima o‘zgardi?

1. O‘rganilayotgan asarlar haqidagi maqolalardan voz kechishga qaror qilindi.

2. Badiiy matn bilan ishlash bir necha bosqichda quriladi, ularning har biri o‘ziga xos maqsadni ko‘zlaydi:

— matndan oldingi topshiriqlar o‘quvchilarni asarni tushunishga tayyorlaydi;

— matn ichidagi savollar asar matni bilan ishlash, undagi so‘zlar, voqealar, obrazlarni tushunishga yordam beradi;

— matndan keyingi topshiriqlar asarni tahlil qilishga (asar g‘oyasini aniqlash, qahramonlarga baho berish, lingvistik va badiiy xususiyatlarini tahlil qilish, unda ko‘tarilgan muammoni hayot bilan bog‘lash) yordam beradi.

3. Ko‘pgina mavzular maktabda o‘rganiladigan boshqa fanlar (tarix, tabiatshunoslik, til va boshqalar) bilan integratsiyani o‘z ichiga oladi.

4. «Adabiy kanonlar» bilan bir qatorda yangi mualliflar hamda o‘quvchilarga tanish, zamonaviy mavzular va muammolarga bag‘ishlangan asarlar kiritilgan.

Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarning 6-sinfi uchun «Adabiyot» darsligidagi bir mavzudan parchalar (2022). Rey Bredberining «Bir kunlik yoz» hikoyasi asosida bolalar: a) joyning ilmiy va badiiy tasvirini solishtiradilar, b) maktablardagi bulling sabablari va oqibatlarini tahlil qiladilar hamda hamdardlikni o‘rganadilar, v) asardagi sifatlashlarni topish va ularning o‘quvchiga ta’sirini tushunishni o‘rganadilar.

Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarning 6-sinfi uchun «Adabiyot» darsligidagi bir mavzudan parchalar (2022).

Nima uchun?

Haqiqiy san’at asari turli talqinlarga imkon berishi kerak. Matn bilan ishlashda ko‘p bosqichli yondashuv o‘quvchilarga badiiy matnni yaxshiroq tushunish, o‘z talqinlarini yaratish va asardan xulosa chiqarish imkonini beradi. Yangi mualliflar va asarlar esa o‘quvchilarni turli madaniyatlar bilan tanishtirish, ularning kitob o‘qishga qiziqishini oshirish maqsadida kiritilgan.

Darsliklar ustida ishlagan mualliflar jamoasi yangi darsliklar o‘quvchilarga nafaqat mavzuni o‘zlashtirish, balki muloqot, tanqidiy fikrlash, izlanish va muammoni hal etish ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini berishi, darsliklarning rang-barang dizayni esa o‘quv jarayonini yanada qiziqarli qilishiga umid bildirishdi.