«Lokomotiv» PFK futbolchisi Kaxi Maxaradze, erkin agent Yevgeniy Kochnev, Gruziya fuqarolari G. K. va Ch.M. ismli shaxslarning totalizator hamda kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani ma’lum bo‘ldi, deya habar bermoqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati. Tashkilot tekshiruv o‘tkazib, Etika qo‘mitasida bu masalani ko‘rib chiqdi.

Aniqlanishicha, «Lokomotiv» futbolchisi Kaxi Maxaradze va boshqalar o‘zaro kelishib, o‘zini Jay deb tanishtirgan xitoylik shaxsning ishonchiga kirgan. Unga totalizator kontoralari orqali «Lokomotiv» futbol klubining uchrashuvlarini Kaxi Maxaradze va boshqa futbolchilar bilan kelishgan holda o‘zlari uchun qoniqarli natija bilan yakunlashga yolg‘on va’da berib, ishontirishgan.

27 may kungi «Navbahor» — «Lokomotiv» uchrashuvida 2:0 hisobi qayd etildi. Kaxi Maxaradze, futbolchi Yevgeniy Kochnev, Gruziya fuqarolari G. K. va Ch.Mlar mazkur o‘yin uchun Jaydan taxminan 30 000 AQSh dollari olib, o‘zaro bo‘lishib olgan.

Bundan tashqari, «Lokomotiv»ning AGMK va «So‘g‘diyona» futbol klublariga qarshi uchrashuvlariga ular pul tikish masalasi muhokama qilgan, lekin bu amalga oshmagan. Keltirilishicha, ushbu ma’lumot OFK va «Sportradar» tashkilotlari tomonidan ham tasdiqlangan.

Undan so‘ng, «Lokomotiv»ning mehmonda «Nasaf»ga qarshi uchrashuvda mag‘lub bo‘lishini taxmin qilib, Maxaradze bu o‘yinni yutqazib berishiga Jayni ishontirgan. Shu orqali futbolchi totalizatorda pul tikilishiga sababchi bo‘lgan.

«Lokomotiv» va «Nasaf» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 0:0 hisobi bilan yakunlanganidan so‘ng, Jay o‘zi tomonidan yutqazilgan 100 000 AQSh dollarini futbolchi va uning sheriklaridan talab qilgan. Ular buni rad qilgach, o‘ch olish maqsadida futbolchi va sheriklari haqidagi ma’lumotlarni O‘FA va OAVlarning elektron pochtalariga yuborgan.

O‘FA tekshiruv boshlagach, Jay noqonuniy faoliyati natijasida o‘z mamlakatining tegishli tashkilotlari tomonidan javobgarlikka tortilishi mumkinligini anglab, yuqorida yuborgan ma’lumotlar noto‘g‘riligi, suratlarni o‘zi yasaganligi haqida xabar yuborgan.

Yuqoridagilarni o‘rganib chiqish natijasida, O‘FA Etika qo‘mitasi yig‘ilishining qaroriga ko‘ra, Kaxi Maxaradze Intizom kodeksining tegishli bandlari bo‘yicha aybdor deb topildi. Futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turlaridan 5 yil muddatga chetlatildi hamda 100 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, futbolchi Yevgeniy Kochnev ham Intizom kodeksining tegishli bandlari bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turlaridan 3 yil muddatga chetlatilib, o‘ttiz mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Tekshiruv davomida «Lokomotiv» PFKning boshqa futbolchilari va murabbiylari totalizator hamda kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etmagan.

Mazkur holat yuzasidan unga aloqador bo‘lgan chet el fuqarolarining shubhali harakatlari bo‘yicha ma’lumotlar tegishli xalqaro tashkilotlarga yuborildi. O‘FA kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bo‘yicha OFK va «Sportradar» bilan muntazam ravishda hamkorlik qilinishi hamda shu kabi holatlar aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini eslatdi.