Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) 8 sentabr kuni ««Beqaror zamon, behalovat hayot: o‘zgaruvchan dunyoda o‘z kelajagimizni shakllantirish», deb nomlangan so‘nggi Inson taraqqiyoti indeksi hisobotini e’lon qildi. Hisobotda ta’kidlanishicha, dunyo ketma-ket inqirozni boshdan kechirib, «favqulodda choralar» ko‘rishga majbur bo‘lmoqda, biroq bugungi kunda dunyo aholisi duch kelayotgan muammolarning sabablarini bartaraf eta olmayapti. Dunyo ketayotgan yo‘lida keskin o‘zgarish yasalmasa, yanada kattaroq yo‘qotish, muhtojlik va adolatsizliklarga yuz tutaveradi, deya ogohlantiradi hisobot mualliflari. «Gazeta.uz» BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskadan hisobotning asosiy mazmuni, hujjatda nazarda tutilgan noaniqlikning murakkab muammolarini hal qilish yo‘llari va O‘zbekistondagi inson taraqqiyoti holati haqida so‘zlab berishni so‘radi.

Umumiy ma’lumot: Inson taraqqiyoti to‘g‘risidagi hisobot nima


1990 yilda Inson taraqqiyoti to‘g‘risidagi birinchi hisobotda insoniyat farovonligini oshirish borasida yangi yondashuv taqdim etildi. Inson taraqqiyoti — yoki inson taraqqiyoti masalasiga nisbatan yondashuv — deganda odamlar yashayotgan muayyan mamlakatning boyligi emas, balki mazkur odamlar hayotining farovonligini oshirish tushuniladi. Hisobotda, shuningdek, Inson taraqqiyoti indeksi — o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi, ta’lim va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad ko‘rsatkichlarining kompleks indeksi taqdim etilgan bo‘lib, unda mamlakatlarga inson taraqqiyoti darajasi bo‘yicha baho berilgan.

Har bir hisobot alohida mavzuga bag‘ishlangan va butun dunyo bo‘ylab taraqqiyot masalalari bo‘yicha munozaralarga chuqur ta’sir ko‘rsatgan. Mazkur hisobotlar, shuningdek, milliy va mintaqaviy tahlillar o‘tkazilishiga turtki berib, ularda odatda mamlakat yoki mintaqa uchun xos muammolar ko‘rib chiqilgan.

2020 yilda e’lon qilingan so‘nggi hisobot «Keyingi marra: inson taraqqiyoti va antropotsen» deb nomlangan. Unda insoniyat tarixda misli ko‘rilmagan davrni boshidan kechirayotgani va bu davrda inson faoliyati sayyorani shakllantiruvchi hukmron kuchga aylanganiga urg‘u berilgan. Hisobotda odamlarning harakat erkinligi hamda huquq va imkoniyatlarining kengaytirilishi yanada adolatli dunyoda, sayyora bilan uyg‘unlikda yashash uchun zarur bo‘lgan harakatlarga olib kelishi mumkinligiga ishonch ta’kidlangan.

— Mazkur Inson taraqqiyoti to‘g‘risidagi hisobot va u orqali yetkazilayotgan asosiy g‘oyalar to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot bera olasizmi?

— Hisobot «Biz xavotirlarga to‘la olamda yashayapmiz» degan jumla bilan boshlanib, unda turli shtammlari yuzaga kelishda davom etayotgan Covid-19 pandemiyasi, Ukraina va boshqa mamlakatlardagi urush va mojarolar, rekord darajadagi haroratlar, yong‘in va bo‘ronlar to‘g‘risida so‘z yuritilib, global miqyosdagi beqaror zamon va behalovat hayot tasvirlanadi.

Aslida, noaniqlik yangi hodisa emas. Hisobotda ta’kidlanishicha, noaniqliklarning yangi shakllari ustma-ust tushib, yangi ko‘rinishlarda o‘zaro ta’sir qilmoqda. Insoniyat doimo duch kelgan muammolar — pandemiyadan tortib urush va qurg‘oqchilikka qadar — bugungi kunda sayyoramizda sodir bo‘layotgan xavfli o‘zgarishlar, keng ko‘lamdagi ijtimoiy o‘zgarishlar, shu bilan birga sanoat inqilobi va keng tarqalgan siyosiy qutblanish fonida ro‘y bermoqda.

Odamlar o‘zini yanada baxtsiz his qilmoqda. Stress, qayg‘u, xavotir va g‘azabning jismoniy ko‘rinishlarini boshdan kechirish hislari so‘nggi o‘n yil ichida kuchayib bormoqda va hozirgi kunda 2006 yildan buyon rekord darajaga yetdi. Hatto Covid-19 pandemiyasidan avval ham, global miqyosda har 7 kishining 6 nafardan ko‘prog‘i o‘zini himoyasiz his qilgan.

Noaniqlik, tengsizlik va himoyasizlik qutblanish va ishonchsizlik bilan yonma-yon yuradi. Siyosiy qutblanish va ishonchsizlik ijtimoiy muloqot qilish imkoniyatlarimizni pasaytiradi va jamoaviy harakatlarni bo‘g‘adi.

Inson taraqqiyoti ko‘rsatkichi ketma-ket ikkinchi yil pasayib, bizni 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish kun tartibi hamda Parij kelishuvi qabul qilingan 2016 yilda qayd etilgan darajalarga qaytardi.

Bu farovonlikni belgilovchi an’anaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha uzoq muddatli aql bovar qilmas global taraqqiyot (Covid-19 pandemiyasiga qaramasdan) fonida yuz bermoqda. Afsuslanarli tomoni shundaki, biz kelajagimizga ta’sir qilish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lsak-da, endi uni nazorat qilish imkoniyatiga ega emasmiz.

O‘zi nimalar sodir bo‘lyapti? Inson taraqqiyotiga keng nuqtai nazardan qarash taraqqiyot va himoyasizlikning yonma-yon yurishi bilan bog‘liq paradoksni tushunishga va bu borada javob choralarini ko‘rishga qanday yordam beradi? Bu yilgi hisobotda shu kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.

— Noaniqliklarning ustma-ust kelishi va o‘zaro ta’sir qilishi bilan bog‘liq murakkab xusisiyati to‘g‘risida batafsil tushuntirish bera olasizmi?

— Tahdidlarning o‘zaro ta’siri murakkab jarayon. Hisobotda muhokama qilinadigan ko‘plab muammolar alohida ko‘rib chiqilganda, yangi muammo hisoblanmaydi. Dunyoda bunga qadar ham urush va pandemiyalar sodir bo‘lgan, ammo odamlar odatda duch kelgan noaniqliklar bugungi kunda sayyoramizda sodir bo‘layotgan xavfli o‘zgarishlar va keng tarqalgan siyosiy qutblanish fonida ro‘y bermoqda.

Biz hech qachon bugungi kunda duch kelayotgan inqirozlarning ustma-ust kelishi bilan bog‘liq holatlarni boshdan kechirmaganmiz:

  • Bugungi kunda inson faoliyati sayyora tizimlariga misli ko‘rilmagan miqyos va sur’atda ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu odamlar ming yillar davomida faoliyat yuritib kelgan asosiy qarashlar tizimini o‘zgartirmoqda.
  • Mazkur bosimlarni yengillashtirish uchun keng qamrovli ijtimoiy o‘zgarishlar zarur. Masalan, energiya, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport tizimlaridagi o‘zgarishlar. Lekin bu o‘zgarishlar o‘ziga xos noaniqliklarni ham olib keladi. Qayta tiklanuvchi energiya tizimlarining yangi texnologiyalari qanchalik jozibador bo‘lmasin, ularning o‘ziga yarasha xarajat va xavf-xatarlari ham mavjud.
  • Ko‘plab mamlakatlarda siyosiy qutblanish kuchaymoqda. Dunyodagi odamlarning 30 foizdan kamrog‘i aksariyat odamlarga ishonsa bo‘ladi deb hisoblaydi va bu shu paytga qadar qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir. Siyosiy qutblanish zo‘ravonlik xavfini oshiradi, ishonchni pasaytiradi, jamiyatni ajratadi va keng jamoatchilik ishtirokidagi muhokama va chora-tadbirlar ahamiyatiga putur yetkazadi.
  • Sun’iy intellekt va ijtimoiy tarmoqlar kabi raqamli texnologiyalardan noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish yo‘lida foydalanilib, bu odamlarning o‘z tanloviga ta’sir etuvchi ma’lumotlarni noto‘g‘ri tushunishiga sabab bo‘lmoqda.
  • Ruhiy kasalliklar rekord darajaga yetib, dunyo miqyosida 35 foizdan ortiqroqni tashkil etmoqda, holbuki bu ko‘rsatkich bundan o‘n yil avval 10 foiz atrofida edi.

Bu inqirozlar va noaniqliklar to‘planib, bir-birini oziqlantirmoqda. Noaniqliklarning bunday murakkab o‘zaro ta’siri qo‘shaloq paradoksga olib keldi: a) taraqqiyot ortidan himoyasizlikning ortishi va b) taraqqiyot ortidan qutblanishning ortishi.

— Ortib borayotgan va murakkab noaniqliklar sharoitida biz nima qilishimiz kerak?

— Biz duch kelayotgan noaniqliklar davri va hodisalarni tushunish va sa’y-harakatlar amalga oshirishning odatiy usullari o‘rtasidagi ehtimoliy nomuvofiqlikdan xabardor bo‘lishimiz kerak.

Biz e’tiborni ijtimoiy muammolarni, shu jumladan inson taraqqiyoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratishimiz kerak, negaki bular kelajakdagi noaniqliklarni yengib o‘tishimizni qiyinlashtiradi. Noaniqliklar va himoyasizlik turlicha xususiyatlarga ega bo‘lib, birinchi navbatda va ko‘proq ayollar, ozchilik guruhlari va boshqa ko‘plab guruhlarga ta’sir ko‘rsatadi.

Noaniqliklarni bartaraf etish uchun uchta yo‘nalish — investitsiyalar, sug‘urtalash va innovatsiyalarga, shu bilan birga ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan siyosatni yaratishimiz lozim bo‘lib, bu institutlar va qarorlar qabul qiluvchi organlarda noaniqliklarga qarshi ijodkorona va tezkor javob choralari ko‘rishga imkon beradi.

BMTTD O‘zbekistonda

— Mamlakatlar noaniqliklar bilan bog‘liq mazkur murakkab muammolarni qanday hal qilishi lozimligi to‘g‘risida batafsil so‘zlab bera olasizmi? Shuningdek, hisobotda keltirilgan uchta yo‘nalish — investitsiyalar, sug‘urtalash va innovatsiyalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot bersangiz?

— Uchta yo‘nalish — investitsiyalar, sug‘urtalash va innovatsiyalarga yo‘naltirilgan siyosiy qarorlar odamlarga noaniqliklarni yengib o‘tish va mazkur noaniqliklar sharoitida rivojlanishga katta yordam beradi.

  • Noaniqliklar sharoitida rivojlanish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarga investitsiyalar kiritish deganda jamoat boyliklaridan tortib, tabiiy yechimlarga asoslangan inson taraqqiyoti va odamlarga investitsiya kiritish tushuniladi. O‘zbekiston sharoitida bu sayyoramizga bosimni yumshatish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari va tabiiy ofatlarning oldini olish tizimlariga hamda aholi salomatligini ta’minlash va kelajakdagi pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun sog‘liqni saqlash tizimiga investitsiyalar kiritishda davom etishni anglatadi.
  • Sug‘urtalash noaniqliklar dunyosidagi kutilmagan hodisalardan har bir insonni himoya qilishga yordam beradi. Koronavirus pandemiyasidan keyin ijtimoiy himoya tizimining global miqyosda jadal rivojlanishi ushbu maqsad sari ulkan qadam bo‘ldi, shu bilan birga shu kunga qadar ijtimoiy himoya qamrovi qanchalik past bo‘lgani va bu borada qanchalik ko‘p ishlar amalga oshirilishi kerakligi ayon bo‘ldi. Inson huquqlarini himoya qilish va siyosiy hayotda ishtirok etish qutblanishdan sug‘urta qilishi mumkin. O‘zaro tushunish, hurmat va tenglikni targ‘ib qiluvchi mexanizmlar jamiyatlarga etnik, diniy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘ziga xosliklarga asoslangan nizolar kabi muammolarni hal qilishga yordam beradi. O‘zbekistonda hukumat tomonidan ijtimoiy sug‘urta tizimini qayta tiklash va modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Norasmiy yoki boshqa barqaror bo‘lmagan ish bilan band bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy sug‘urtalash ko‘lamini kengaytirish, bandlik va ijtimoiy sug‘urta tizimlarini integratsiyalash va ularni odamlar manfaatlariga ko‘proq yo‘naltirish kabi ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirish mumkin. Ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi umumiy asosiy xizmatlar sifatini yanada oshirish kerak.
  • Ko‘plab — texnologik, iqtisodiy va madaniy shakllardagi innovatsiyalar insoniyat muammolarini hal etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Innovatsiyalarga ehtiyoj ham, ularni joriy etish imkoniyati ham mavjud, masalan, noto‘g‘ri ma’lumotlar oqimini va ustunligini kamaytirishga qaratilgan innovatsiyalar.

O‘zbekiston innovatsiyalarni o‘zining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab oldi. Hukumat doimiy asosda innovatsiyalar uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan o‘zining asosiy vazifasini bajarishi lozim. Innovatsiya texnologiyalar bilan cheklanmaydi. Ijtimoiy innovatsiyalar ham muhim, masalan, hech kim ortda qolib ketmasligini ta’minlash uchun fuqarolik jamiyati bilan ishlash, yoki atrof-muhitni muhofaza qilish uchun xususiy kompaniyalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarda.

— O‘zbekistonda inson taraqqiyoti ko‘rsatkichlari qay darajada?

— BMTTD tomonidan Inson taraqqiyoti indeksi hisoblab chiqilayotgan 32 yil davomida birinchi marta muayyan mamlakatdagi salomatlik, ta’lim va turmush darajasini o‘lchaydigan mazkur ko‘rsatkich dunyo miqyosida ketma-ket ikkinchi yil pasaymoqda. Inson taraqqiyoti ko‘rsatkichi 2016 yilgi darajaga qadar tushib ketib, bu Barqaror rivojlanish maqsadlari sari erishilgan yutuqlarning katta qismini yo‘qqa chiqardi.

Har yili bir qator mamlakatlarda inson taraqqiyoti indeksining pasayishi kuzatiladi. Ammo 2020 yoki 2021 yillarda inson taraqqiyoti indeksining pasayishi dunyo mamlakatlarining 90 foizida kuzatilib, bu global moliyaviy inqirozdan keyin pasayishni boshdan kechirgan mamlakatlar sonidan ancha yuqori.

O‘tgan yili global darajada biroz tiklanish kuzatildi, biroq u qisman va notekis bo‘ldi: inson taraqqiyoti indeksi juda yuqori bo‘lgan aksariyat mamlakatlarda o‘sish qayd etilgan bo‘lsa, boshqa davlatlarning aksariyatida pasayish kuzatildi.
O‘zbekistonda Inson taraqqiyoti indeksining pasayishi kuzatilmagan, aksincha uning barqaror o‘sish tendensiyasi davom etmoqda.

O‘zbekistonda Inson taraqqiyoti indeksi birinchi marta joriy etilgandan beri juda yaxshi natijalar qayd etilgan. O‘tgan yil ham bundan mustasno bo‘lmadi va mamlakat inson taraqqiyoti indeksi bo‘yicha o‘z mavqeini yanada yaxshiladi.

2021 yil uchun inson taraqqiyoti indeksi 0,727 ni tashkil etib, O‘zbekiston inson taraqqiyot indeksi bo‘yicha yuqori toifadagi o‘z o‘rnini saqlab qolmoqda va hozirgi kunda 191 mamlakat va hudud orasida 101-o‘rinni egallab turibdi. 2000 yildan beri O‘zbekistonning Inson taraqqiyoti indeksi ko‘rsatkichi 19,8 foizga oshdi.

2000−2021 yillarda O‘zbekistonda kutilayotgan o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 5,1 yoshga, maktabda o‘qish muddati davomiyligi 1,7 yilga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAMD ikki baravardan ko‘proq o‘sdi va 188,8 foizni tashkil etdi.

Shunga qaramay, global noaniqliklar, jumladan, iqlim o‘zgarishi va biologik xilma-xillik yo‘qolishi muammolari, tengsizliklarning chuqurlashishi va siyosiy qutblanish O‘zbekiston uchun ham daxldor masalalar hisoblanadi. Inson taraqqiyoti bo‘yicha ijobiy tendensiyani saqlab qolish uchun hisobotda taklif qilinganidek, yuzaga kelayotgan mazkur o‘zgarishlarni yengib o‘tishga qaratilgan tegishli siyosatni joriy etish va amalga oshirish juda muhim ahamiyatga ega.

BMTTD O‘zbekistonda

— O‘zbekistondagi siyosiy qaror qabul qiluvchi shaxslar mazkur hisobotdan qanday xulosalar olishiga umid qilasiz?

— Noaniqliklarning murakkablik xususiyatini hisobga olgan holda, inson taraqqiyoti bo‘yicha yutuqlarga erishish qiyin vazifaga, yutuqlarni ushlab qolish esa yanada qiyinroq vazifaga aylanishi mumkin. O‘zbekistonda inson taraqqiyoti indeksining barqaror ravishda o‘sish tendensiyasini davom ettirish uchun indeksning turli o‘lchovlarini yanada chuqurroq tahlil qilish zarur bo‘ladi.

Umuman olganda, hozirgi voqeligimiz talablari hamda uni tushunish va sa’y-harakatlarni amalga oshirishning odatiy usullari o‘rtasidagi tobora ortib borayotgan nomuvofiqlik qandaydir yangiliklarni joriy etish uchun imkoniyat yaratib bermoqda.

Noaniq kelajak sari o‘z yo‘limizni topib olishimiz uchun biz ijtimoiy muammolarni, shu jumladan inson taraqqiyoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishimiz kerak. Shuningdek, tabiiy tizimlarimizga antropogen bosimning misli ko‘rilmagan intensivligi va ko‘lamini kamaytirishimiz kerak.

Farovonlikka erishish uchun tajribalar o‘tkazishimiz va hamkorlik qilishimiz kerak. Covid-19 pandemiyasi tasavvurlarimizni va nimalarga erishish mumkinligi borasidagi tushunchamizni kengaytirdi. Shunga qaramay, javoblarimiz tengsizlik va ishonchsizlik oqibatlarini ham ochib berdi.

Bundan keyin qanday yo‘l tutishimiz o‘zimizga bog‘liq. Tengsizliklarni bartaraf etish va odamlarning erkinliklari hamda huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, insoniy salohiyatlarimizni ochish, ijodkorligimiz va xilma-xilligimizdan foydalanish orqali bugungi kunda va kelajakda odamlar farovon yashaydigan kelajakni qurishimiz mumkin.

Mazkur sanab o‘tganlarimiz global tavsiyalar bo‘lsa-da, lekin O‘zbekiston uchun ham juda dolzardir. O‘zbekiston tabiiy yechimlarga asoslangan taraqqiyotga hamda o‘z aholisiga doimiy va qayta shakllantirilgan investitsiyalar kiritish, sug‘urtalashning turli shakllarini (ijtimoiy va inson huquqlari) mustahkamlash va takomillashtirish hamda innovatsiyalarni jadallashtirish orqali katta muvaffaqiyalarga erishishi va shu tariqa yanada adolatli va chidamli jamiyat qurishi mumkin.

Yana bir bor O‘zbekistonni 2022 yilgi Inson taraqqiyoti indeksining barqaror ko‘rsatkichlari bilan qutlayman.