Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Andijonda fuqarolar tergov jarayonlarida qiynoqqa solingani haqidagi xabar yuzasidan vaziyatni o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Gap shundaki, 15 sentabr kuni Vodiy24.uz e’lon qilgan videoda andijonlik 5 nafar yigit ishi apellyatsiya sudida ko‘rilayotgani, sud jarayonida ayblanuvchilarning hech biri aybiga iqror emasligi, ruhiy va jismoniy bosim asosida tergov qilingani aytilgan. Tasvirlarda ayollardan biri o‘g‘li telefon o‘g‘rilanishi holati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirtirilgan va oradan 5−6 kun o‘tib chiqarilgan. Gumondorning onasi farzandini tergov vaqtida kaltaklab, boshini devorga urib yorishganini aytmoqda.

Yana bir yigit, ukasi tuxmat ortidan qamalib ketayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud jarayonida gumondorlar ularni kaltaklashganini aytganiga qaramasdan, sudya qonuniy jihatdan chora ko‘rmagan. Xattoki, ish yuzasidan guvohlik qilayotganlar ham organlar bosimi ostida yolg‘on guvohlik berishga majbur bo‘lishganini ma’lum qilishgan.

Shuningdek, videoda ayblanuvchilarning yaqinlari ularni sababsiz hibsdan ushlab turishganini, nohaqdan 8−10 yillab qamab yuborishayotganini ta’kidlamoqda. Biroq, videodan gap qanday turdagi jinoyat haqida ketayotgani, gumondorlar nimada ayblanayotganini tushunish mushkul.

Xabarga ko‘ra, yuqoridagilardan kelib chiqib, qiynoqqa oid tarqalgan mazkur xabar ombudsman nazoratiga olingan va bu bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etiladi.

Prezidentning 2021 yil 26 sentabrdagi qarori bilan ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va ularga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish va qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklatilgan.

Shundan kelib chiqib, ombudsman ofisi yuqoridagi holatni o‘z nazoratiga oldi va bu bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etilishini qayd etdi.