15 sentabr kuni Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Shahboz Sharif Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Samarqand shahriga keldi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Uni aeroportda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Pokiston hukumati rahbari Hazrati Xizr majmuasiga borib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shu kuni Shavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

O‘zbekiston prezidenti Pokiston bosh vazirini tashrif bilan samimiy qutlab, Samarqanddagi SHHT sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.


Shahboz Sharif samimiy qabul hamda Pokistondagi suv toshqinlaridan jabrlanganlarga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun O‘zbekistonga tashakkur izhor etdi. Pokiston O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali strategik sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Yetakchilar ikki tomonlama, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini batafsil ko‘rib chiqdi.


O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yilda ular 47 foizga, joriy yil boshidan yana 10 foizga oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 200 taga yetdi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasini tezlashtirish, savdo uchun to‘siqlarni bartaraf etish, tovarlarni o‘zaro yetkazib berish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.