Farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish qoidalari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur qoidalarga ko‘ra, farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish uchun arizachi elektron shakldagi ariza hamda unga ilova qilinadigan hujjatlar «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali sertifikatlashtirish organlariga yuboradi.

Sertifikatlashtirish organlari 2 kunda arizani ko‘rib chiqib sertifikatlashtirishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qiladi yoki arizachiga rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan xulosa beradi.

Sertifikatlashtirish quyidagi hollarda rad etiladi:

  • arizada ma’lumotlar to‘liq ko‘rsatilmaganda va (yoki) arizaga ilova qilingan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;
  • sertifikatlashtirish uchun taqdim etilgan farmatsevtika mahsuloti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi aniqlanganda;
  • sertifikatlashtirish uchun taqdim etilgan farmatsevtika mahsuloti qalbakilashtirilganligi aniqlanganda.

Sertifikatlashtirishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan boshlab 2 kunda sertifikatlashtirishni o‘tkazish uchun farmatsevtika mahsulotlari saqlanayotgan joyga chiqqan holda namunalarni identifikatsiya qilish va tanlab olish ishlari amalga oshiriladi.

Farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar sertifikatlashtirish organining farmatsevtika mahsulotini sertifikatlashtirishda ishtirok etmagan xolis xodimiga taqdim etiladi.

Xolis xodim (texnik qo‘mita) sertifikatlashtirish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni 1 kun ichida ko‘rib chiqadi hamda muvofiqlik sertifikatini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.