Dushanba kuni Toshkent xalqaro aeroportining o‘z taksi xizmati yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng noqonuniy taksi haydovchilari bir qancha provokatsiyalar uyushtirishdi, deb xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

12-sentabr kuni taksi haydovchilaridan biri aeroporti hududiga kiritmagani uchun qorovulni urgan. 14-sentabr kuni esa taksi haydovchilari aeroport rahbariyatidan o‘zlariga bepul to‘xtash joyi tashkil qilishni yoki faoliyatini davom ettirishlari uchun aeroport oldi maydonga kiritishlarini talab qilib, rasmiy taksi xizmati avtomobillarining terminaliga kirishini to‘sib qo‘ygan.

“Aeroport xodimlari bu masalada qat’iy bo‘lib, huquq-tartibot idoralariga qo‘ng‘iroq qilib, taksi haydovchilariga nisbatan chora qo‘llash va aeroport ko‘chasida jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha ariza yozishgan”, — deyiladi xabarda.

“Aeroportlarda taksi haydovchilari bilan bog‘liq muammo dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgan va hozir ham mavjud. O‘ta qimmat narxlar, qo‘pol haydovchilar, eski va aksariyati, qoidaga ko‘ra, aeroportda taqiqlangan gazda yuradigan mashinalar. Ular yo‘lovchilar qo‘llaridan tutib olib, aldab, o‘zlarini odobsiz tutadigan “bombil”lardir”, — deya izoh berdi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

“Biz bunday mashinalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchib kelish terminali zinapoyasigacha harakatlanishiga ruxsat bera olmaymiz. Bu nafaqat mamlakatning salbiy imidji, balki yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdid hamdir. Muammoning yagona yechimi — rasmiy taksi xizmatiga o‘tish — bu jahon amaliyoti”, — dedi u.

Kompaniya rahbarining alohida ta’kidlashicha: “Aeroportdagi rasmiy taksi shahardagi taksi kabi bo‘lmasligini tushunish kerak, chunki u hech bo‘lmaganda benzinda ishlaydi, yuqori xizmat ko‘rsatadi va faqat aeroportga xizmat qiladi. Biroq, shu bilan birga, biz yo‘lovchilarni tanlashda cheklamaymiz. Tom ma’noda 100 metrdan keyin siz boshqa har qanday taksiga o‘tirishingiz mumkin”.

Vaqt o‘tishi, yo‘lovchilar oqimi o‘sib borishi bilan, so‘zsiz, taksi xizmatlarini ko‘rsatadigan yana bir, balki bir nechta kompaniyani tanlash kerak bo‘lar. Shu bilan birga, aeroportda rasman faoliyat yuritayotgan taksi xizmatiga qo‘yiladigan talablar hamisha xavfsizlik darajasini ham, xizmat ko‘rsatish darajasini ham inobatga olgan holda qat’iy bo‘ladi, deya davom etdi Ra’no Jo‘rayeva.

““Bombil” deb atalgan narsaga kelsak, albatta, bu masala bir kunda hal bo‘lib qolmaydi. Ayrim OAVlar ehtimol Toshkent aeroportida endi “bombil”lar bo‘lmaydi degan sarlavhalar bilan shoshib qo‘yishgandir. Afsuski, ular bor va hali bir muddat bo‘ladi. Lekin biz ular bilan nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham oxirigacha kurashish niyatidamiz. Muhimi, hozir biz huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapmiz. Aeroportning bir o‘zi bu muammoni yecha olmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi kompaniya boshqaruvi raisi.

Aeroportning rasmiy taksi xizmatlari E-auksion.uz platformasida ochiq savdolar orqali tanlab olingan va texnik topshiriqda ko‘rsatilgan barcha talablarga javob beradigan Bobur Diyor tomonidan amalga oshiriladi, deya takrorladi kompaniya.

taxi airport, раъно жўраеva, тошкент xalqaro aeroporti

Yangi Taxi Airport Tashkent brendi ostidagi avtomobillar faqat benzinda harakatlanadi, yukxonalari keng va bevosita kelish terminalining chiqish joyida turadi. Agar yo‘lovchi rasmiy taksi xizmatidan foydalanishni istamasa, boshqa taksini yo‘lga yoki birinchi 10 daqiqasi bepul bo‘lgan to‘xtash joyiga chaqirishi mumkin, deya eslatdi Uzbekistan Airports.

“Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yaqin kunlarda yo‘l bo‘ylab bu yer taksi va yo‘lovchilar uchrashadigan joy ekanligini bildiradigan katta yorug‘lik taratuvchi belgi paydo bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

“Gazeta.uz” dushanba kuni aeroport taksi xizmati tariflari va rekonstruksiyadan so‘ng ochilgan avtoturargoh haqida yozgan edi.