Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Millionlab eman ekishim mumkin
Odamlar nima uchun eman yong‘oqchalarini yig‘ishadi?
Har yil avgust oyi o‘rtalarida eman o‘sgan yashil hudud va ko‘chalarda ushbu daraxt yong‘oqchalarini terayotgan odamlarga ko‘zimiz tushadi. Bir kunda bir kishi yong‘oqchalardan bir necha qop terishi mumkin. «Gazeta.uz» muxbiri Madina Aʼzam odamlar nima uchun bu yong‘oqchalarni yig‘ishi hamda keyin uni nima qilishlari bilan qiziqdi.
Har yil avgust oyi o‘rtalarida eman o‘sgan yashil hudud va ko‘chalarda ushbu daraxt yong‘oqchalarini terayotgan odamlarga ko‘zimiz tushadi. Bir kunda bir kishi yong‘oqchalardan bir necha qop terishi mumkin. «Gazeta.uz» muxbiri Madina Aʼzam odamlar nima uchun bu yong‘oqchalarni yig‘ishi hamda keyin uni nima qilishlari bilan qiziqdi.
Kunning ikkinchi yarmi. Jazirama issiq tufayli Amir Temur xiyobonida sayr qilib yurgan odamlarni deyarli uchratmaysiz. 2009-yilgi daraxtlar qirg‘inbarotida rahm qilingan va yashab qolgan sanoqli emanlardan birining soyasida obodonlashtirish xizmatining bir qancha xodimlari hordiq chiqarishmoqda. Ularning yonida esa supurgi va cho‘chqayong‘oq (eman yong‘oqchalarini shunday deb ham atashadi) to‘la chelaklar turibdi.
O‘zbekistongda yong‘oqchalar avgust oyida pishib yetiladi. Toshkent botanika bog‘i ilmiy xodimi Atirgul Xolmirzayevaning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtda asosan oddiy eman o‘sadi, onda-sonda esa kashtanbargli emanlar ham uchrab turadi.
Yong‘oqchalarni ekish – emanzor o‘rmonlarni qayta tiklashning asosiy uslubi hisoblanadi. Eʼtibor bersangiz, may-iyun oylarida ulkan emanlar ostida yerdan o‘sib chiqayotgan eman yaproqlarini ko‘rish mumkin – ushbu mitti emanchalar odatda maysa o‘ruvchi uskunalar yordamida o‘rib tashlanadi.

Yong‘oqchalardan chorva mollarini boqish uchun ham foydalaniladi. Ayniqsa, ikkinchi nomidan ham bilinganidek, ularni cho‘chqalar sevib yeydi. Mol va qo‘ylar esa unchalik xush ko‘rmaydi, ayniqsa yong‘oqchalar hali pishmagan, yashil paytida.
реклама
реклама
Ko‘plab xalqlar eman yong‘oqchalaridan taom sifatida ham foydalanadi. Eng mazali va shirin yong‘oqchalar O‘rta yer dengizi mintaqasida o‘sadigan tosh emandan olinadi. Ushbu daraxt mevalari Yevropada anʼanaviy tarzda isteʼmol qilinadigan kashtan yong‘oqlariga tenglashtiriladi.

Toshkentda uchraydigan oddiy eman yong‘oqchalari eng taʼmsiz hisoblanadi, biroq ular ocharchilik yillarida baribir isteʼmol qilingan. Eman daraxtlarining mevalari anʼanaviy ravishda mahalliy amerikaliklar oshxonasida ishlatilgan. Dimlab pishirilgan yong‘oqcha va uning unidan tayyorlangan quymoq retsepti ancha mashhur. Bugungi kunda Amerikaning janubiy shtatlarida eman yong‘oqchasidan pishiriladigan sho‘rvalar, salatlar va bo‘tqalar mashhur.

Xo‘sh, Toshkentda odamlar ularni nima maqsadda terishadi? «Gazeta.uz» fotomuxbiri Madina Aʼzam bunga qiziqib ko‘rdi.
Amir Temur xiyobonida eman mevalarini terayotgan obodonlashtirish xizmati xodimlari muxbirning qiziquvchanligidan bir oz xavotirga tushishdi.

«Aslida, bu olmaxonlar ozuqasi bo‘lib, uni hech kim yig‘masligi kerak, — deydi ulardan biri. — Biz yong‘oqchalarni boshqalarga o‘xshab sotish uchun yig‘ayotganimiz yo‘q».

Obodonlashtirish xizmatining boshqa bir xodimi Muhayyo Sattorovaning aytishicha, 2021 yilning avgust oyidan beri yong‘oqlarni terish bilan shug‘ullanadi.
«Shahar obodonlashtirish markazidan ularni terishimizni aytishadi. Va biz kun davomida ularni to‘plab, keyin topshiramiz, — dedi ayol. — Odatda yashil maydonlarda eman mevalarini terayotganlarni ko‘rib qolaman. Menimcha, ularni sotishadi yoki chorvalarini shu bilan boqishadi. Lekin bizning yong‘oqchalardan Shahar obodonlashtirish boshqarmasi eman daraxtlarini ko‘paytirish uchun foydalanadi. Biz boshqarma uchun yong‘oqchalarni tekinga yig‘ib beramiz».
Toshkentning Sergeli tumani Yo‘ldosh mavzesi shaharning eng yashil hududlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda ulkan chinorlar, emanlar o‘sadi. Bu daraxtlarning shoxlari ko‘cha yo‘laklariga soya solib turadi. Piyodalar yo‘laklari katta-katta eman mevalari bilan qoplangan, ular yoqasidagi ariqlar esa yong‘oqchalarga to‘lgan.
Nazokat Yoqubbekova uch o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i bilan bu yerdagi yong‘oqchalarni terish uchun kelgan. Mashinasini yo‘l chetiga qo‘ygan, uning yonida esa yong‘oqchalar to‘ldirilgan qoplar, supurgilar, belkurak va ichimlik suvi turibdi. Ayol bolalarni tinimsiz shoshirib, iloji boricha ko‘proq meva yig‘ishlarini aytadi.
Uning aytishicha, oila qariyb to‘rt yildan beri chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ular Toshkent viloyati Zangiota tumani Erkin mahallasida yashashadi. Hozir ularning uyida 10 ta qo‘y bor.

«Hayvonlarni, ayniqsa qo‘ylarni yem bilan boqish qiyin, — deydi Nazokat Yoqubbekova. — Yaqinda internetda yong‘oqchalar uy hayvonlarini tez yemlashga yaxshi deb o‘qib qoldim. Turmush o‘rtog‘im bilan ko‘pchilikdan ularni qayerdan sotib olish mumkinligini so‘rab chiqdik. Aksariyat odamlar ularni “Otchopar” bozoridan topishimiz mumkinligini aytishdi, lekin ularni o‘sha yerdan ham topolmadik. Bozor bo‘ylab yong‘oqchalar so‘rab yurganimizni ko‘rganlar hayratlanib: "Ularni pulga sotib olishning nima keragi bor. Yo‘ldan terib olinglar, tekinga yotibdi-ku", — deyishdi».

Ayolning aytishicha, dam olish kunlari oila Toshkentdagi emanzorlarni qidirishgan. Ular Yo‘ldosh mavzesidagi daraxtlarni qiyinchilik bilan topishga muvaffaq bo‘lishgan.
«Bolaligimizda eman daraxtlari ko‘p edi. Hozir ular kamayib ketdi, — deydi afsus bilan Nazokat Yoqubbekkova. — Bugun 2-3 soat — quyosh botguncha yong‘oqchalarni teramiz. Keyin uyga borib, qo‘ylarga yong‘oqchalarni arpa va bug‘doy bilan aralashtirib beramiz. Ehtimol, bu zararlidir. Internetda yana bir qarab ko‘raman. Lekin yong‘oqchalarda juda ko‘p moy va oqsil borligini bilaman».
реклама
реклама
Sergeli tumanidagi yana bir eman mevalarini teruvchisi Muhammad Alimjonovning aytishicha, u har avgust va kuz boshlarida boshqa yong‘oqchalarni to‘plovchilarni kuzatgan. Va bir kuni ulardan nega bunday qilishayotganini so‘ragan.
«Ular to‘plangan yong‘oqchalarni sotishlarini aytishdi. Mana, bir yildan beri qo‘shni mahalladagi bobo uchun yig‘ib kelaman. U kilogrammiga 1500-2000 so‘mdan beradi. Kuniga 2-3 ta qop teraman, bu taxminan 50 kilogramm bo‘ladi», — deydi yigitcha.
Toshkentning Yunusobod tumani M-5 (S-5) mavzesida ham emanlar ko‘p. Ëng‘oqchalarni terib yurganlardan biri maysazorda ushbu mevalar bilan liq to‘la qop yonida yotibdi. Bir necha daqiqa avval u yong‘oqchalarni shu darajada shaxd bilan terayotgandiki, go‘yoki paxta terimchilarini eslatib yubordi. Maysazorda yana bir necha kishi ishlayapti, ularga Nargiza Dusanova ismli ayol bosh: kim qancha yiqqani, har biri qaysi uchastkada ishlashi kerakligini nazorat qilib turibdi.

Nargiza Dusanovaning aytishicha, yig‘ilgan jamoa uning oilasi. Ularning barchasi Samarqand viloyati Ishtixon tumanidan. Hosilni yig‘ib olishga uning turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li, qizi esa kuyovi bilan, shuningdek, Nargizaning ikki singlisi kelgan.
«Ikki yil avval OLX‘da ish qidirib yurganimda, eman yong‘oqchalarini terish uchun ishchi kerak degan eʼlonni ko‘rib qoldim. Eʼlondagi raqam bilan bog‘lanib, Toshkentga yetib keldik. Ozodbek aka kilosiga 1500 so‘mdan berayotganini tushuntirib, Toshkentda yong‘oqchalarni qayerdan topish mumkinligini aytdi. Endi biz butun oilamiz bilan ularni to‘playapmiz», — dedi Nargiza Dusanova.

Ayolning qo‘shimcha qilishicha, bu ish mavsumi avgustdan oktyabrgacha davom etadi. Har kuni ertalab soat 7 dan kechki 19 ga qadar oila eman yong‘oqchalarini izlab Yunusobod maysazorlarini kezadi. Oilaning har bir aʼzosi o‘zi uchun ishlaydi, deya qo‘shimcha qildi guruh rahbari. Ayolning o‘zi eri bilan yong‘oqchalarni to‘plasa, ikki opa-singillar alohida-alohida, qizi va kuyovi alohida, o‘g‘li esa chelakka yig‘adi. Jamoa kuniga 200 kilogrammdan ortiq yong‘oq to‘play olishadi.

«Oktyabr oyining oxirida kashtanlar ham to‘kilishni boshlaydi. Lekin biz kashtanni kimga terib berish kerakligini hali bilmaymiz. OLX‘da kashtan eʼlonlarini hali o‘qiganim yo‘q. O‘ylaymanki, mavsum boshlanganida g‘udda (archa mevasi) va kashtan xaridorlari ham paydo bo‘ladi», — dedi Nargiza Dusanova.
реклама
реклама
Nargiza Dusanova oilasi to‘plangan eman mevalarini Ozodbek Xudoyberganovga topshiradi. U ishchilarni yollab, Chilonzor va Yunusobod tumanlari, Qoraqamish, Parkent bozori va TTZ hududlarida o‘ziga maʼlum bo‘lgan barcha joylarda yong‘oqchalarini terdiradi.

Ozodbek Xudoyberganovning aytishicha, u talabalik yillaridayoq eman hosilidan qanday foydalanish haqida o‘ylay boshlagan. Yong‘oqchalar bilan qoplangan yo‘laklar yigichani o‘yga toldirardi. Baʼzida u obodonlashtirish ishchilarining yong‘oqchalarni axlat qutisiga tashlaganini ko‘rar va yong‘oqchalar shunchaki isrof bo‘layotganidan jahli chiqardi.
«Ikki yil yong‘oqchalarni sotish yo‘llarini qidirdim, — dedi u. — Bozor bor. 2017-yilda janubiy koreyalik tanishim bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Uch oyda terib olingan yong‘oqchalarni shu davlatga eksport qilyapman. Koreyada bu meva mag‘zi ovqat tayyorlashda ishlatilarkan».

Ozodbek Xudoyberganovning taʼkidlashicha, mavsum davomida jamoa 200 tonnaga yaqin yong‘oqchalar terib oladi. Yong‘oqlar quritilib, hosil og‘irligining yarmini tashkil qiladigan qobig‘idan ajratiladi. Qobig‘i tashlanmaydi, balki o‘tin sifatida sotiladi. Quritilgan mag‘izlar esa qoplarga qadoqlanib, Janubiy Koreyaga jo‘natiladi.
«O‘zbekistonda eman daraxtlarini ko‘paytirishni xohlayman, — deydi Ozodbek Xudoyberganov. — Yiliga million tup eman ekishim mumkin. Lekin yer masalasi bir oz o‘ylantiryapti. Kashtan va archa g‘uddalaridan foydalanishni istayman. Lekin O‘zbekistonda bu daraxtlardan mo‘l hosil olish qiyin».

«Gazeta.uz» Janubiy Koreya fuqarosi, «Seul» Janubiy Koreya restorani asoschisidan xalq eman yong‘oqchasidan qanday ovqatni tayyorlashda foydalanishini so‘radi.

Restorator bu mevalardan jigarrang taom – bu (internetda «muk» nomi ham uchraydi) tayyorlanishini aytdi. Buning uchun yong‘oqchalar po‘stlog‘idan ajratiladi va maydalanib, pasta holatiga keltiriladi. So‘ngra meva tarkibidagi kraxmalni ajratib olish uchun ular yuviladi va suv bilan aralashtiriladi.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, yong‘oqchalar tarkibida ko‘p miqdorda kraxmal mavjud, shuningdek, inson salomatligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan tanninlar ham bor. Shuning uchun isteʼmol qilishdan avval ushbu moddani yong‘oq tarkibidan ajratib olish kerak.

Restoratorning qo‘shimcha qilishicha, yakunda jelega o‘xshash massa hosil bo‘ladi. Uning taʼmi bo‘lmaydi, shuning uchun u yaqqol mazaga ega soya sousi, ko‘kpiyoz va boshqa mahsulotlar bilan qo‘shib tortiladi.
Фото: Википедия / Flickr
«Janubiy Koreyadan ham emanlar o‘sadi, lekin biz ko‘p bu yeymiz, shuning uchun eman yong‘oqchalarini import qilamiz», —deydi restorator.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu taomni Toshkentning Qo‘yliq bozoridan ham topish mumkin, biroq «Gazeta.uz» muxbiri uni topa olmadi.

Matnni Sabina Bakayeva tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»,

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.


Fotohikoya mualliflari o‘zlarining ishlariga havolalarni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuborishlari mumkin. Xatga syujetlar tavsifi, joyi, sanasi, muallifning to‘liq ismi va bog‘lanish uchun telefon raqamlarini kiritishni iltimos qilamiz.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting